21:40 / 19.10.2024
14

Grand klub nazariga tushgan Husanovning narxi 100 baravar oshdi

Grand klub nazariga tushgan Husanovning narxi 100 baravar oshdi
Yevropada Aduqodir Husanov ko‘p muhokama qilinmoqda. Ko‘pchilikni atigi 100 ming yevroga transfer qilingan yosh o‘yinchining bir yil ichida Yevropada 23 yoshgacha bo‘lgan eng zo‘r ikki himoyachidan biri bo‘lgani, Fransiya chempionatida eng ishonchli markaziy himoyachi sifatida nom qozongani qiziqtirib qo‘ydi.

“Lans” o‘zbek futbolchisi uchun Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga to‘lagan 100 ming yevro Yevropada ayrim o‘yinchilarning bir haftalik maoshidan ham kam aslida.

Abduqodir Husanov Yevropada faqatgina qimmatbaho transferlar ish beradi, degan tushunchani o‘zgartirib yubordi. Shu bilar birga legionerimizning transfer summasi ham keskin ko‘tarila boshladi.

Faben Shorle, butfootballclub.fr sayti eksperti:
2023 yilning yozida 100 ming yevro evaziga Belarusning “Energetik-BGU” klubidan “Lans”ga hali hech kim tanimaydigan Abduqodir Husanov keldi. Debyut mavsumida 15 marotaba maydonga tushganiga qaramay, har bir uchrashuvda o‘zini ko‘rsata oldi.

Yangi mavsum boshida Kevin Dansoning yo‘qligidan unumli foydalangan o‘zbek legioneri “Lans”ning uch kishilik himoya chizig‘ida asosiy figuraga aylanib oldi.

Taniqli insayder Muhammad Tubash-Ter Abduqodir Husanov Fransiya chempioni “Pari Sen-Jermen” nazariga tushganini yozdi. Bu orada Transfermarkt portali 20 yoshli futbolchining transfer narxi 5 million yevroga ko‘tarilganini e’lon qildi.

Yevropaning eng nufuzli nashrlaridan L'Équipe o‘zbek legionerining transfer summasi uning “Lans”ga olib kelingan 100 ming yevrodan 100 baravar oshib, bugungi kunda Fransiya transfer bozorida 10 million yevroni tashkil qilayotganini yozmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Husanovning “Lans”dagi ishonchli o‘yinlari ortidan uning transfer summasi 10 million yevrodan ham o‘tishi kutilyapti.

Arno De Kanel, le10sport.com sayti eksperti:
Abduqodir Husanov yangi mavsumning haqiqiy kashfiyotiga aylandi va “Lans” asosiy tarkibidagi joyini mustahkamlab oldi. 20 yoshli o‘zbek o‘z pozitsiyasida Yevropaning eng zo‘r o‘yinchilari qatorida zikr etilmoqda.

Atigi 100 ming yevro evaziga olib kelingan bu futbolchi tez orada katta transfer daromadi manbasiga aylanishi shubhasiz.

Kevin Danso yo‘qligidan unumli foydalanib qolgan kamtargina Abduqodir Husanov o‘z mehnatlari bilan “Lans” asosiy tarkibida o‘ziga joy ochdi.

Ko‘pchilikning yosh o‘yinchining har qanday holatda ham xotirjam harakat qilishi, yakkakurashlarda raqiblariga imkon bermasligi, “Lans”ni katta marralarga yetaklashga qodirligi hayratga solmoqda.

Husanov mavsum boshidanoq bir necha o‘yinda Yevropaning “top-5” ligalaridagi eng yaxshi yosh himoyachilardan ekanini namoyish qila oldi. Bu futbolchi yosh bo‘lishiga qaramay, tez orada grand klublar orasida talash bo‘ladigan ko‘rinadi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, “Lans” o‘zi uchun Abduqodir Husanov ortidan katta muvaffaqiyatni kafolatlab bo‘lgan.

Chunki nufuzli manbalar bu o‘yinchining narxi bir yil ichida yuz baravar oshganini tasdiqlamoqda. Futbol ekspertlaridan Gregori Till bu Husanovning profilini ko‘rganida va yuqori salohiyatga ega futbolchi 100 ming yevroga olinganini bilganida yoqa ushlab, hayratga tushgan edi.

Endi mavsum oxiriga qadar Husanovning transfer narxi yana sezilarli darajada oshadi va bu “Lans”ning foydasiga ishlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Grand klub nazariga tushgan Husanovning narxi 100 baravar oshdi