22:12 / 20.10.2024
12

Yangi pozitsiyada raqibni titratgan Husanovning o‘yini qanday baholandi?

Yangi pozitsiyada raqibni titratgan Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Fransiya chempionatining sakkizinchi turida “Lans” jamoasi “Sent-Eten” futbolchilari mehmoni bo‘lib, safarda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Bu uchrashuvda lansliklar tarkibida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. Himoya markazida bir necha yildan beri yetakchi o‘yinchi sifatida o‘ynab kelgan Kevin Danso yana tarkibga qaytdi. Uning yo‘qligida bu pozitsiyani Abduqodir Husanov egallab bo‘lgandi.

Bosh murabbiy Uill Still bunga o‘ziga xos yechim topdi. Markaziy himoyani Kevin Dansoga topshirib, bu pozitsiyada ishonchli o‘ynab kelgan Abduqodir Husanovni o‘ng qanotga o‘tkazdi. Bunga legionerimizning universalligi qo‘l keldi.

Yaxshi tomoni Abduqodir qanotda o‘ynagani bois, hujumlarga ham qo‘shilib turdi. Yana bir jihat shundaki, raqib jarima maydoni yaqinidagi jarima to‘plarini tepish Husanovga topshirila boshladi.

“Sent-Eten” va “Lans” o‘rtasidagi bahsda lansliklarning o‘yinini bu gal lensois.com sayti eksperti Klement Kurtua baholab berdi.

Ishonchni oqlaganlar:

Abduqodir Husanov

“Lans” himoyasidagi masalaga yechim topildi. O‘rnini Kevin Dansoga bo‘shatib bergan Abduqodir Husanov Jonatan Graditning o‘ng qanotidan joy oldi. Bu pozitsiyada himoyani mustahkam ushlash bilan birga raqib darvozasi tomon reydlar uyushtirdi, xavfli zarbalar yo‘lladi, jarima to‘pini ajoyib tarzda tepdi. O‘z usulida himoyalanish chog‘ida barcha yakkakurashlarda g‘olib chiqdi. Raqib hujumchilariga umuman o‘yin bermadi.

Pshemislav Frankovski
Mavsumni juda og‘ir boshlagan Frankovski asl holatini tiklab oldi. Avvalgi turlardagi o‘yinlariga qaraganda bu gal ancha shiddatli harakat qildi va gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu uning Liga 1 dagi bu mavsum hisobidan ikkinchi goli bo‘ldi.

Endi Diuf
“Lans” yarim himoyachisi bu gal ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Yuqori jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan Diuf raqib himoya chizig‘iga juda katta bosim o‘tkazdi. “Lans” futbolchilari orasida raqib darvozasiga eng ko‘p – 7 marta zarba berdi.

Kevin Danso
Yetti hafta maydonga tushmagan avstriyalik himoyachi hamon zo‘r o‘ynashini namoyish qildi. Himoya markazida turib, barcha yakkakurashlarda raqib hujumchilaridan ustun keldi. Hujumchilar bilan birga bir vaziyatlarda juda ishonchli o‘ynadi.

Bo‘sh o‘ynaganlar:

Fakundo Medina

Bu uchrashuv argentinalik himoyachi uchun ancha qiyin kechdi. Birinchi bo‘limda juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va sariq kartochka olishiga to‘g‘ri keldi. Natijada endi u PSJga qarshi bo‘ladigan muhim uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Har ikki bo‘limda bittadan texnik xatoga yo‘l qo‘ydi. 70-daqiqadagi bo‘sh o‘yini “Lans” darvozasi oldida xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi. Shu bois, oradan uch daqiqa o‘tib, zaxiraga olindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yangi pozitsiyada raqibni titratgan Husanovning o‘yini qanday baholandi?