22:33 / 21.10.2024
189

Husanovga Angliyadan uch klub xaridor, “Lans” katta narx belgiladi!

Husanovga Angliyadan uch klub xaridor, “Lans” katta narx belgiladi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Lans" klubining 20 yoshli universal himoyachisi Abduqodir Husanovning nomi Yevropada yanada ko‘proq yangramoqda.

Avvaliga “Lans”ning, keyinchalik Fransiya chempionatining eng zo‘r himoyachilardan biriga aylangan legionerimiz Yevropada ham nom qozona boshladi.

Bir necha nufuzli manbalar Abduqodir Husanovga Angliya Premer-ligasi klublari xaridor bo‘layotganini yozmoqda.

Ta’kidlash joizki, Angliya klublari fransiyalik charm to‘p ustalari yoki Liga 1 o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatgan legionerlarni transfer qilishga alohida e’tibor qaratadi. Fransiya klublarida yosh iste’dodlarni kashf qilib, ularni tarbiyalab, kuchli futbolchi qilib yetishtirganidan keyin grand klublarga transfer qilish amaliyoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Aksariyat fransuz klublari shu tariqa budjet to‘ldiradi. “Lans” ham bundan mustasno emas.

Yaqinda bir necha manbalar Londonning “Arsenal” klubi Fransiya chempionatidan olingan Vilyam Saliba va Gabriel Magalyaes transfer muvaffaqiyatli chiqqanidan keyin yana Liga 1 klublaridan yangi o‘yinchi qidirayotgani va “kanonirlar” nishoniga hozir “Lans”da porlayotgan o‘zbek futbolchisi tushganini yozgandi.

Endi yana bir nufuzli manba – jeunesfooteux.com portali eksperti Jastin Favr Abduqodir Husanovga Angliya Premer-ligasining ikki mashhur klubi da’vogarlik qila boshlaganini e’lon qildi.

- Abduqodir Husanov 20 yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zining ishonchli o‘yini, yetuk mahorati va jamoaga ta’sir o‘tkaza olish qobiliyati bilan o‘z pozitsiyada Liga 1ning eng xzo‘r o‘yinchilaridan bo‘lib turibdi. Bir necha ommaviy axborot vositalari unga Premer-liga klublari qiziqayotgani haqida axborot tarqatdi. Bu klublar qatoriga “Nyukasl” va “Everton” ham qo‘shildi, - deb yozmoqda Jastin Favr.

Manbaning ta’kidlashicha, “Lans” rahbariyati mavsum oxirida o‘zbek legioneriga yaxshi taklif bo‘lsa, uni qo‘yib yuborishi mumkin ekan.

- “Lans”ga 2023 yilning yozida 100 ming yevro evaziga olib kelingan Abduqodir Husanov himoya chizig‘i yetakchisi Kevin Danso yo‘qligida uning o‘rnini egallab oldi. Endi avstriyalik himoyachi safga qaytganida Jonatan Gradit o‘ng qanotdagi joyini juda ishonchli o‘ynayotgan o‘zbek futbolchisiga bo‘shatib berdi. Dansoning qaytishini Husanovni asosiy tarkibdan chiqara olmadi.

“Lans” klubi direktorlar kengashi o‘z pozitsiyasida Yevropaning eng zo‘r o‘yinchilaridan biriga aylanib borayotgan o‘zbekistonlik legionerning transfer summasini 25-30 million yevroga baholayapti.

Agar o‘zbek futbolchisi shu tarzda o‘yinini kuchaytirib boradigan bo‘lsa, mavsum oxirida yaxshi takliflar bilan “Lans” eshigini qoqadigan xaridorlar ko‘payib borishiga ishonchimiz komil
, - deydi jeunesfooteux.com portali eksperti Jastin Favr.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda 20 yoshli legionerimizning transfer summasi 5 million yevroni tashkil qilmoqda. Biroq transferlar bo‘yicha ekspertlar mavsum oxiriga borib, Husanovning transfer narxi yanada ko‘tarilishini ta’kidlayapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanovga Angliyadan uch klub xaridor, “Lans” katta narx belgiladi!