
Xabaringiz bor, 8 dekabr tongida AQSHning Las -Vegas shahrida "UFC 310" turniri tashkil etiladi. Mazkur jang kechasining ikkinchi asosiy to‘qnashuvi qozog‘istonlik Shavkat Rahmonov hamda Irlandiya vakili Ian Gerri o‘rtasida kechadi. Biz ushbu qarama-qarshilik borasida o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.
- Farrux Madaminov - O‘zbekiston pankration-greppling hamda GAMMA assotsiatsiyasi Andijon viloyati rahbari
- Albatta, Shavkatga muxlislik qilamiz. Shavkat universal jangchi hisoblanadi. Lekin bu safar u ko‘proq kurashga e’tibor qaratsa kerak. Chunki Gerrini "stoyka"si zo‘r. U bilan "stoyka"da urushish tavakkalchilik bo‘ladi. Lekin ishonch bilan ayta olamanki, Rahmonov muddatidan avval g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlar 70/30 Shavkat!
Rizo Safarov - O‘zbekiston jiu-jitsu terma jamoasi bosh murabbiyi
- Barcha Shavkatni imkoniyatini yuqori baholamoqda. Albatta, men ham Shavkat Rahmonovning yutishini xohlayman va muxlislik qilaman. Biroq, Ian Gerri har tomonlama rivojlanmoqda. U o‘sishi uchun astoydil harakat qilyapti. Kelajagi bor jangchi. U irlandiyalik bo‘lishiga qaramasdan, Braziliyada Charlz Oliveyra bilan mashg‘ulotlar olib bormoqda. Bu jiu-jitsu, greppling, zarba kuchi barchasi joyida degani. Shavkat haqida gapiradigan bo‘lsak, u raqibiga nisbatan tajribaliroq. Biroq ular deyarli bir xil saviyadagi raqiblar bilan jang qilishgan. Shavkat ham kuchli, unda ham greppling, "stoyka" umuman barcha jihatlar joyida. Men bu jangdagi imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim.
Husniddin Ro‘ziyev - belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempioni
- Bu jang juda qiziqarli bo‘lsa kerak. Fikrimcha jang 3-raundda o‘z yakuniga yetadi. Dastlabki 2 raund asosan "stoyka"da kechadi. 3-raundga kelib, Shavkat kurashni ishga soladi va bosim bilan texnik nokautga uchratadi, degan taxmindaman. Albatta, bu shaxsiy fikrim. Har nima bo‘lganda ham Shavkat Rahmonovga muxlislik qilamiz. Imkoniyatlar 60-40.
Azamjon Anvarjonov - belbog‘li kurash bo‘yich ajahon chempioni
- Menimcha bu jangda yaqqol favorit ma’lum. Ha, bu Shavkat Rahmonov. Hozirda Shavkatning jismoniy holati juda yuqori. Ian Gerrini "stoyka"si kuchli deya baho berilmoqda. Lekin men bu fikrga qo‘shilmayman. Rahmonov "stoyka"da ham Gerrini qiynab qo‘yadi. Kurashini-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Xullas, jang muddatidan avval Shavkat Rahmonovning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Imkoniyatlar 80/20.
Miki Kalikulov - MMA murabbiyi (Qirg‘iziston)
- Bu jang uzoq davom etmaydi. Ya’ni muddatidan avval yakunlanadi. Albatta, g‘olib Shavkat Rahmonov bo‘ladi. Uzog‘i bilan 2-raundda Shavkat jang masalasini hal qiladi. Nazarimda Rahmonov "sabmishn" bilan g‘alaba qozonadi.
Asilbek Mahammatjonov - MMA jangchisi
- Menimcha jang barcha muxlislarga yoqsa kerak. Har ikkisi "stoyka"da zo‘r jang ko‘rsatishadi. Maza qilib tomosha qiladigan to‘qnashuv bo‘ladi. Menimcha bu qarama-qarshilik uzoq davom etmasa kerak. Fikrimcha 2-raundda Shavkat Rahmonov nokaut bilan g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlar 70/30 Shavkat!
Asrorbek Anvarjonov - MMA bo‘yicha jahon chempioni
- Ko‘pchilik Shavkat Rahmonovning oson g‘alaba qozonishini aytishyapti. Lekin men bunday o‘ylamayman. Ian Gerrini janglarini tomosha qilsangiz, u har qanday raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishga qodirligini ko‘rasiz. Zo‘r "udarnik", noodatiy jangchi. Biroq, baribir Shavkat Rahmonovning bu jangdagi imkoniyati yuqoriroq. 2 raund "sola-sol" bo‘ladi. 3-raundlarning o‘rtalariga kelib, Rahmonov "sabmishn" bilan g‘alaba qozonsa kerak. Imkoniyatlar 60/40. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar