date
views 401

Kutilmaganda Shomurodovning yo‘li ochildi!

Kutilmaganda Shomurodovning yo‘li ochildi!
Joriy mavsumda yuqori o‘rinlar va Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishi kutilgan “Roma” musobaqa jadvalining quyi qismiga tushib qolgan. Klub rahbariyati jamoaning mavqeini ko‘tarish uchun rimlik murabbiy Klaudio Ranerini olib keldi.

Tajribali mutaxassis sekin-asta jamoaga o‘z g‘oyalarini singdira boshladi. Navbatdagi turda “bo‘rilar” o‘z maydonida “Lechche”ni qabul qiladi. 7 dekabrga belgilangan bu o‘yin Raneriga ko‘ra, jamoa uchun burilish nuqtasi bo‘lishi kerak.

- Biz uchun chempionat endi boshlandi. Dekabr aslida biz nimalarga qodirligimizni ko‘rsatib beradigan oy. Musobaqa jadvali barcha jamoalarning hozirgi holatini ko‘rsatib beradigan reyting. Bu yerda biz reytingning quyi qismida joylashganmiz. Biz bu vaziyatdan chiqish uchun kurashni davom ettiramiz. Menga qat’iyatli, har qanday raqib bilan yaxshi o‘ynay oladigan, yiqilsa, turib kurashni davom ettiradigan jamoa kerak, - dedi Klaudio Raneri.

Ta’kidlash joizki, “Lechche”ga qarshi bahs Klaudio Raneri uchun “Roma”dagi bosh murabbiylik faoliyati davomidagi 100-uchrashuv bo‘ladi. Ma’lumki, bu mutaxassis avval ham ikki bor jamoaga ustozlik qilgan.

Bir necha manbalarning ta’kidlashicha, Klaudio Raneri tarkib tanlashda ayrim o‘zgarishlarni qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Jamoaning asosiy to‘purari Artyom Dovbik kasal bo‘lib qolgan va so‘nggi mashg‘ulotlarda qatnashmadi. “Roma”da Dovbikdan tashqari faqat birgina markaziy hujumchi – Eldor Shomurodov bor. Raneri “Kalyari”dagi shogirdini “Lechche”ga qarshi boshlang‘ich tarkibda o‘ynatishni mo‘ljallagan.

- Oxirgi mashg‘ulotlarda murabbiylar shtabi Eldor Shomurodovni markaziy hujumchi rolida sinab ko‘rdi va Klaudio Ranerining mana shu qarori bo‘yicha o‘yin sxemalarini amaliyotga tadbiq qildi. Avvalgi uchrashuvda ham o‘zbek futbolchisi Artyom Dovbik o‘rniga maydonga tushgan edi. Murabbiylar shtabi Paulo Dibalani hujum markazida o‘ynatish fikridan qaytdi va argentinalik yulduz o‘z pozitsiyasida qoladigan bo‘ldi, - deb yozmoqda laroma24.it manbasi.

Eslatib o‘tamiz, Klaudio Raneri kelganidan keyin Eldor Shomurodovga ishonch bildira boshladi. Eldor noyabr oyidagi FIFA kunlari davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinida jarohat olgani uchun 20 kunga yaqin davolangan edi.

Raneri o‘zi yaxshi bilgan shogirdi safga qaytishi bilan uni zahiradan bo‘lsa-da, maydonga tashladi.

Avvalgi ikki murabbiy – Daniyele De Rossi va Ivan Yurich davrida olti marotaba maydonga tushib, jami bir soat atrofida o‘ynagan o‘zbek hujumchisi Raneri qo‘l ostidagi ilk bellashuvida qariyb yarim soat to‘p tepdi.

Endi “Lechche”ga qarshi bellashuvda 29 yoshli hujumchimiz boshlang‘ich tarkibda o‘ynashi kutilmoqda. Artyom Dovbikning betobligi Shomurodovga asosiy tarkibga yo‘l ochib berdi. Eldor navbatdagi uchrashuvlarda mahoratini ko‘rsatib, “Roma”ga kerakli o‘yinchi ekanini isbotlashi kerak. Chunki klub rahbariyati qishki transferlar davrida legionerimiz o‘rniga boshqa hujumchi olib kelishni rejalashirmoqda.

Dunyoga mashhur “Olimpiko” stadioni mezbonlik qiladigan “Roma” va “Lechche” o‘rtasidagi 15-tur uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi 00:45 da boshlanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kutilmaganda Shomurodovning yo‘li ochildi!