Fransiya kubogi doirasida “Lans” o‘z maydonida PSJ bilan kuch sinashdi. Bellashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Lotereyada omad parijliklarga kulib boqdi – 3:4.
Uchrashuv qahramoni Abduqodir Husanov bo‘ldi. 66-daqiqada hamyurtimizning kuchli zarbasi jamoadoshi Mbala Nzolaga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi. Bu holatda gol angolalik hujumchiga, assist legionerimizga yozildi.
O‘yinda Husanovning qoshi yorildi va murabbiylar shtabi bahs oxirida uni zaxiraga olishga qaror qildi.
Fransiya futbolini yoritib kelayotgan manbalar, xususan, lensois.com portali ekspertlari “Lans” o‘yinchilarining harakatlarini quyidagicha baholadi.
Uchrashuvning eng yaxshi futbolchilari:
Abduqodir Husanov
O‘zbek legioneri himoyadagi aqlli o‘yinlari bilan parijliklar hujumchilariga darvozaga xavf solish imkonini bermadi. Shu bilan birga Abduqodir hujum chizig‘ida ham o‘ynay olishini ko‘rsatdi.
Burchak to‘pi uzatilgan vaziyatda zarur paytda, kerakli joyda paydo bo‘ldi. Jarima maydonchasi ichidan darvoza tomon kuchli zarba yo‘lladi. To‘p yo‘l-yo‘lakay Mbala Nzolaga tegib, Matvey Safonov darvozasidan joy oldi.
Husanov raqib hujumchilari Bredli Barkola va Gonsalu Ramushni bir necha bor to‘xtatib qoldi. Ana shunday vaziyatlarning birida qoshi yoritib, jarohat oldi.
Erve Koffi
Darvozada Bris Samba o‘rnini egallagan Koffi saviyali posbon ekanini namoyish qila oldi. Debyuti muvaffaqiyatli chiqdi deyish mumkin. O‘yinda xatoga yo‘l qo‘ygan vaziyatlar ham bo‘ldi, biroq ularni yuvib ketadigan seyvlarni ham amalga oshirdi. Penaltilar seriyasida qahramon bo‘lishi mumkin edi. Lekin buni uddalay olmadi.
Pshemislav Frankovski
Polshalik legioner keyingi uchrashuvlarda ancha ishonchli o‘ynamoqda. Bu gal raqib hujumlarini qaytarish barobarida o‘zi ham PSJ darvozasiga xavf tug‘dirdi.
Ishonchni oqlamagan o‘yinchilar:
Anjelo Fuljini
PSJga qarshi uchrashuvda o‘zini ko‘rsatishi kutilgan Fuljini bu gal ishonchni oqlay olmadi. Parijliklarga qarshi bunday o‘ynab bo‘lmaydi.
Kevin Danso
Tajribali markaziy himoyachining xatosi tufayli Gonsalu Ramush hisobni tenglashtirishga erishdi. Shu tariqa, jamoasining ikki daqiqa avval kiritgan goli foydasiz bo‘lib qoldi.
Mbala Nzola
O‘yinga qo‘shilib keta olmadi. Texnikasi juda ko‘p bor pand berdi. Bir vaziyatda darvozani aniq nishonga ola bilmadi. Gol uning nomiga yozilgan bo‘lsa-da, hamma ishni Husanov bajardi.
Ta’kidlash joizki, PSJ Abduqodir Husanov uchun da’vogar klublardan hisoblanadi. 20 yoshli markaziy himoyachimizning bu galgi o‘yini ham Parij superklubi xo‘jayinlariga ma’qul kelgan, deb umid qilamiz. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Germaniyada Rojdestvo yarmarkasida terakt sodir etildi
Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga ultimatum qo‘ydi
Ilon Mask: “Yevropa davlatlari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida”
Rossiyalik harbiylar Kiyevga ballistik raketa bilan hujum qildi
Mask Ukrainaga yordam berishni AQSHning eng yomon qarorlaridan biri deb atadi
Zelenskiy Putin shartlari asosida o‘t ochishni to‘xtatish xavfidan ogohlantirdi
G7 davlatlari Rossiya neftining narxini 60 dollardan 40 dollarga tushirmoqchi
Arnold Shvarseneggerning yangi videosi muxlislarining xavotiriga sabab bo‘ldi