Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasidagi ilk oʻzbek futbolchisiga aylanish imkoniga ega boʻlib turibdi.
20 yoshli legionerimiz qisqa fursatda Evropaning koʻplab etakchi klublari e'tiborini qozonishga muvaffaq boʻldi. Himoyachi sifatidagi mahorati, shiddatli oʻyin uslubi, oʻyinni oʻqiy olish qobiliyati boshqa ampluadoshlari oldida uni yaqqol ejratib turibdi.
“Energetik-BGU”da Abduqodir Husanov bilan birga ishlagan murabbiy Pavel Rodnyonok iste'dodli futbolchining Oʻzbekistondan Belarusga kelgan davrlarini va hamyurtimizning ham futbolchi, ham inson sifatidagi xususiyatlarini aytib berdi.
- Abduqodir Husanovni Oʻzbekistondan aynan Anatoliy Yurevichga olib kelishgan edi. Oʻshanda bu mutaxassis yosh oʻyinchini rivojlanishi uchun individual dastur tuzib bergan va bu rejani toʻliq amalga oshirish bir yarim yil davom etdi.
Yurevich — belaruslik mohir murabbiy. Oʻsha paytda u “Energetik-BGU”da ilmiy-metodik ish boʻicha murabbiy vazifasida ishlardi. Umuman olganda, Yurevich klubning ma'naviy va gʻoyaviy ilhomchisi boʻlgan.
Husanovni Yurevichga agenti topshirgan va unga “Zoʻr futbolchi qilib tayyorlab bering”, degan. Chunki bu mutaxassis oʻyinchi tarbiyalashni yaxshi biladi. Sobiq ittifoq hududida u yosh futbolchilarni rivojlantirish boʻyicha eng zoʻr murabbiy.
Abduqodir Husanovning yuqori darajada mehnatkashligi darrov koʻzga tashlangan. Qolaversa, u umuman qoʻrquv nimaligini bilmaydigan oʻyinchi.
Husanov kurashadigan paytni poylab yuradi va mana shu xususiyati bilan biz ishlagan boshqa himoyachilar orasida yaqqol koʻzga tashlangan edi.
Abduqodir “Energetik-BGU”da tayanch yarim himoyachi pozitsiyada ham ishonchli oʻynagan, standart vaziyatlarda hujumga qoʻshilardi, jarima zarbalarini amalga oshirardi, chunki oʻta kuchli va aniq zarba bera oladi.
Bu futbolchi oʻzida ajoyib tugʻma iste'dod, mehnatsevarlik va oilaviy tarbiya, qadriyatlarni mujassam etgan. Hozir bunaqa oʻyinchilar juda kam, - dedi Pavel Rodnyonok.
Abduqodir Husanov 2022-2023 yillar davomida “Energetik-BGU”da jami 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini toʻrt marotaba ishgʻol qilgan va jamoadoshlariga toʻrtta golli pas uzatgan.
“Energetik-BGU” 2023 yilning yozida oʻz tarixida ilk bor kuchli beshlik chempionatlaridagi klubga oʻyinchi transfer qildi. Fransiyaning oʻsha paytdagi vitse-chempioni “Lans” Husanov uchun belarusliklarga 100 ming yevro oʻtkazib berdi.
Abduqodirning “Lans” uchun oʻynagan 31 ta uchrashuvi uning grand klublar nazariga tushishiga kifoya qildi. “Manchester Siti” oʻzbek futbolchisini qoʻlga kiritish uchun 50 million yevro xarajat qilgani aytilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar