“Real” mutasaddilari yozgi transferlar vaqtida tarkibda jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Ayniqsa, joriy mavsumda himoya chizig‘ida ko‘plab muammolar kuzatilgani bois, klub mudofaa chizig‘ini tubdan yangilashga qaror qilgan.
Aslida madridliklar O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni ham kuzatib kelayotgan edi. “Qirollik klubi” o‘zbek futbolchisini mavsum oxirida o‘z safiga qo‘shib olishni reja qilgandi.
Biroq, Xosep Gvardiola ham himoyachilar masalasida muammoga duch kelgani bois, “Manchester Siti” transfer ishlarini tezlashtirib yubordi va Husanov uchun kurashdagi raqobatchilarini ortda qoldirish maqsadida 50 million yevro bilan masalani uzil-kesil hal qilib qo‘ya qoldi.
Endi “Real” himoya markaziga yetakchilik qiladigan boshqa futbolchini oladigan bo‘lyapti. Madridliklar nishonida “Arsenal” markaziy himoyachisi Vilyam Saliba nomzodi paydo bo‘ldi.
Salibaning jismonan baquvvatligi, himoyaviy o‘yindagi ustunligi, himoya chizig‘ini boshqara olish qobiliyati “Qirollik klubi” prezidenti Florentino Peresga ma’qul kelgani aytilmoqda. Hujum chizig‘ini ideal ko‘rinishga keltirgan klub xo‘jayini endi himoyani mustahkamlash uchun xarajat qilishga tayyorligi aytilmoqda.
Ayni paytda “Real” tarkibida bo‘lgan Eder Militao va David Alaba kabi tajribali himoyachilar keyingi mavsumlarda jarohatlarga moyil bo‘lib qoldi. Hozircha Antonio Ryudiger himoya markazini imkon qadar mustahkam ushlab turibdi. Lekin chempion jamoa himoya chizig‘ini yoshartirish rejasini amalga oshiradigan bo‘lyapti.
23 yoshli Vilyam Salibaning yoshligi, tezkorligi va yakkama-yakka kurashlarda g‘olib chiqish qobiliyati madridliklarga juda ma’qul kelyapti. Uning “kanonirlar” bilan tuzgan shartnomasi 2027 yilning yarmigacha davom etadi.
Transfer bo‘yicha ekspertlar Salibani 100 million yevro atrofida baholamoqda. “Arsenal” o‘z yetakchisini osonlikcha qo‘yib yubormaydi. “Real” esa, nafaqat “kanonirlar”ni balki, fransiyalik himoyachini ham transferga ko‘ndirishi kerak bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar