Yuriy Belous: “Oʻzbeklar Angliya va Italiyada oʻynayapti, Qozogʻistonda bunaqasi koʻrinmaydi!”

Yuriy Belous: “Oʻzbeklar Angliya va Italiyada oʻynayapti, Qozogʻistonda bunaqasi koʻrinmaydi!”

Yaqinda Qozogʻiston futbol federatsiya rossiyalik mutaxassis Statislav Cherchesovni milliy terma jamoa bosh murabbiyligidan iste'foga chiqargan edi.

Cherchesovning Qozogʻiston terma jamoasidagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqmadi. Tajribali mutaxassis 2024 yilning 3 iyun kuni ushbu terma jamoada oʻz hamyurti Magomed Adiyev oʻrnini egallagan edi.

Qozogʻiston terma jamoasi Stanislav Cherchesov qoʻl ostida Millatlar ligasi doirasida oltita uchrashuvda atigi bir ochko toʻpladi. Bu bellashuvlarda birorta gol urolmagan holda oʻz darvozasidan 15 ta toʻp olib chiqdi.

Bu natijalar mutasaddilarni ham, muxlislarni ham qoniqtirmadi. Oqibatda Cherchesov lavozimidan ozod etildi.

Ayni paytda Rossiya futbolidagi manbalar va ekspertlar Stanislav Cherchesovning iste'fosiga munosabat bildirmoqda. Xususan, taniqli mutaxassislardan Yuriy Belous bu masalaga munosabat bildirib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston futbolchilarini solishtirib oʻtdi.

- Agar Cherchesov Germaniya terma jamoasini boshqari, besh-oltita uchrashuvda yutqazganida, buning reputatsiyasiga putur yetkazar edi.

Qozogʻiston esa, Magomed Adiyev boshchiligida Yevropa chempionatiga chiqishga da'vogarlik qilgan boʻlsa-da, hali hech narsaga erishgani yoʻq.

Qozogʻiston qanday ekanini tushunib yetish kerak. Masalan, Oʻzbekistonni olsak, bu mamlakat futbolchilari Italiya, Angliya va Rossiyada oʻynayapti. Qozogʻistonda bu darajadagi futbolchilarni koʻrmaymiz, - dedi Yuriy Belous.

Ta'kidlash joizki, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yetakchilaridan Eldor Shomurodov 2020 yilning kuzidan beri Italiya A Seriyasida ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimiz bosh jamoasining eng zoʻr toʻpurari hisoblangan 29 yoshli hujumchi “Jenoa”, Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma”da jami 136 ta uchrashuv oʻtkazib, raqiblar darvozasiga 10 ta gol urgan va jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatgan.

Yana bir hujumkor futbolchimiz Abbosbek Fayzullayev esa, 2023 yilning yozidan beri Rossiya Premyer-ligasida SSKA sharafini himoya qilmoqda. 21 yoshli legionerimiz “armiyachilar” safida shu paytga qadar 55 marotaba maydonga tushib, sakkizta gol va 20 ta assist muallifi boʻldi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 20 yoshli markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov esa, Fransiyaning “Lans” klubidagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtdi. Iste'dodli futbolchimiz Angliya Premyer-ligasidagi debyutini ham nishonladi.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston milliy terma jamoalarining oʻzaro uchrashuvlardagi statistikasiga e'tibor qaratsak, ular yetti bor toʻqnash kelgan.

1992 yilgi ilk uchrashuvda qozogʻistonliklar kichik hisobda gʻalaba qozongan boʻlsa, keyingi oltita bellashuvda oʻzbekistonlik charm toʻp ustalarining uch marotaba qoʻli baland kelgan va yana shuncha bahsda kuchlar teng kelgan.


Manba: Sports.uz

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar