Ushbu natijadan keyin “Roma” Evropa ligasidagi yurishini davom ettiradigan boʻldi. Klaudio Raneri shogirdlari “Olimpiko” stadionida kuchli raqib – “Ayntraxt” darvozasiga javobsiz ikkita gol urdi. Uchrashuvning kulminatsion nuqtasi 69-daqiqaga toʻgʻri keldi. Ikki daqiqa avval zaxiradan maydonga tushgan Eldor Shomurodov gol urib, gʻoliblik masalasini hal qildi.
Italiya futboliga ixtisoslashgan siamolaroma.it sayti ekspertlari “Roma” futbolchilarining uchrashuvdagi harakatlarini quyidagicha baholadi:
Svilar 6,5:
Har bir boʻlimning boshida bir necha marotaba xavfli vaziyatlarda oʻzini koʻrsatdi. “Ayntraxt” hujumchilari Svilar darvozasiga yoʻl topa olmadi.
Manchini 7:
Tajribali himoyachi oʻz pozitsiyasida mustahkam turdi va yakkakurashlarda raqiblariga umuman imkoniyat qoldirmadi. Anjelinoning erkin oʻynashiga qulay sharoit yaratib berdi.
Xummels 7:
Raqib toʻpurari Ekitikega umuman imkoniyat bermadi. Oʻtkir hujumchi “Roma” darvozasiga birorta ham zarba yoʻllay olmaganida nemis himoyachisining hissasi katta boʻldi.
Ndika 6,5:
Ivuarlik himoyachi ham umumiy hisobda yaxshi oʻynadi. Faqat ikki vaziyatda Teate va Larssonga etarlicha qarshilik koʻrsata olmadi, xolos.
Saelemakers 6:
Raqib qarshi hujumlarini toʻxtatib turdi. Ogohlantirish olgani bois, himoya paytida ehtiyotkor boʻlishiga toʻgʻri keldi. Hujumda ancha keskin oʻynadi.
Kone 6,5:
Yakkakurashlarda ishonchli oʻynadi, jamoa hujumlarini tashkil qilishda jonbozlik koʻrsatdi, raqib hujumlarini buzib turdi.
Paredes 6,5:
Birinchi boʻlimda barcha driblinglari muvaffaqiyatli chiqdi va birorta xatoga yoʻl qoʻymadi. Raneri uni ikkinchi boʻlimda zaxiraga olgani yoqmadi.
Pellegrini 6,5:
Asosiy e'tiborini himoyaga yordam berishga qaratdi. Oʻyinning ikkinchi yarmida jamoaga katta yordami tegdi.
Anjelino 7,5:
Raneri qoʻl ostida “Roma”ning asosiy figurasiga aylandi. Bu futbolchi barqaror oʻynab kelyapti. Gol urib, muxlislarga quvonch ulashdi.
Dibala 7:
Argentinalik jahon chempioni jamoa hujumlarini tashkil qilish bilan band boʻldi.
Dovbik 5,5:
Uchrashuv boshida qulay vaziyatni barbod qildi. Aynan ana shu vaziyat uning oʻyiniga salbiy ta'sir qildi. Samaradorligi koʻngildagidek boʻlmadi va 67-daqiqada oʻrnini Eldor Shomurodovga boʻshatib berdi.
Pizilli 6:
Maydonga tushishi bilan natijani ushlab qolishga yordam berishga kirishdi.
Chelik 6:
Klaudio Raneri turkiyalik futbolchini himoyani mustahkamlash uchun oʻynatdi va bunga erishdi.
Sule 6,5:
Zaxiradan oʻyinga qoʻshilishi bilan samara keltira boshladi. Eldor Shomurodov gol urgan vaziyatda juda ishonchli oʻynab, assist muallifi boʻldi.
Shomurodov 7:
Udineda boʻlgan avvalgi uchrashuvda boʻlgani kabi bu gal ham gʻalabada muhim rol oʻynadi. Zaxiradan oʻyinga qoʻshilayotgan Shomurodov jamoaga katta foyda keltirmoqda. Bu gal gol urib, gʻoliblik masalasini hal qilib berdi. Mavsumdagi uchinchi gol.
Kristante 6:
Bu uchrashuvda Kristante oldingi chiziqda yorqin oʻyin namoyish etmagan boʻlsa-da, himoyani mustahkam ushlashda ishtirok etdi.
Raneri 7:
“Roma”ga kelganidan buyon jamoaning Italiya chempionatidagi ishlarini oʻnglamoqda, Italiya kubogida chorak finalga chiqdi va Evropa Ligasining umumiy bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtdi. Jamoani boshqarishda mahorat koʻrsatyapti. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar