Foto: PFL
Bugun, 1 fevral kuni Superliga yangi mavsumiga qur'a tashlanadi. Marosim soat 18:00 dan boshlab Futbol TV orqali jonli efirga olib chiqiladi. Qur'a oldidan PFL jarayon qay tartibda oʻtkazilishi haqida ma'lumot berdi.
Birinchi navbatda joriy mavsum uchun qabul qilib olingan va hozirga qadar toʻliq tayyor holatga kelmagan stadionlar roʻyxati bilan tanishtirib oʻtamiz. Ayni vaqtda 11 ta stadion uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor. Yana 3 ta stadionda ta'mirlash ishlari davom etayotgan boʻlib, ular shu yilning aprel oyiga qadar tayyor boʻlishi koʻzda tutilgan. Aynan shu jihat qur'aga oʻz ta'sirini koʻrsatadi.
Superligaga odatga koʻra Berger tizimida qur'a tashlanadi. Bunda 16 jamoaga tushishi mumkin boʻlgan har bir raqamning oʻz jufti mavjud va oʻzaro juft raqamlar quyida aks etgan. Shuningdek, musobaqaning ilk turida oʻzaro toʻqnash keladigan raqamlar koʻrsatilgan.
Maydoni tayyor boʻlmagan klublardan “Qoʻqon-1912” hamda “Qizilqum” masalasi nisbatan yaqin hududlardagi stadionlar orqali hal etilgan. Biroq mavsumning qolgan qismini Buxoro shahrida davom ettirishi kutilayotgan “Buxoro” va “Mash'al” klublari ilk turlarni mos ravishda “Paxtakor” va OKMK klublari maydonida oʻtkazishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, ular avvaliga “Paxtakor” va OKMK klublari bilan juftlik hosil qilishi, keyinchalik esa oʻzaro juft jamoaga aylanishi lozim. Sir emaski, juft jamoalarni ajratib olish negizida muayyan turda ulardan biri oʻz maydonida, ikkinchisi esa safarda toʻp surishini ta'minlash yotadi. “Buxoro” va “Mash'al” klublarining bir necha tur davomida boshqa klublar bilan, keyinchalik esa oʻzaro juft boʻlishida mazkur qoidani oʻzgartirmaydigan faqatgina ikki raqam mavjud: 1 va 8. Shundan kelib chiqib, qur'aning ilk bosqichida “Buxoro” va “Mash'al” klublari mazkur ikki raqamdan biriga ega chiqishi ta'minlanadi. Oʻz-oʻzidan “Paxtakor” va OKMK mavsum startida ular bilan bir arenadan foydalanishi inobatga olinib, ular mos ravishda 9 hamda 16 raqamlari bilan yuzlashadi.
Anglashilinadiki, dastlabki turda “Mash'al” va “Buxoro” juftligiga har qanday holatda ham OKMK va Paxtakor juftligi raqib boʻladi. Biroq ilk tur aynan qanday koʻrinishda boʻlishi qur'a yordamida aniqlanadi. Shuningdek, “Buxoro” va “Mash'al” dastlabki turlarni Toshkent hududida oʻtkazishi inobatga olinib, tenglikni ta'minlash maqsadida ular 2-davrada raqiblarini oʻz maydonida qabul qilishi ta'minlanadi hamda ilk turdagi ikki toʻqnashuvda mezbon-mehmon oʻrni almashadi.
Qur'aning ikkinchi bosqichida yana uch juftlik jamoalari oʻz raqamiga ega chiqishi ta'minlanadi. Ya'ni, “Qoʻqon-1912”, “Qizilqum”, “Shoʻrtan” klublarining stadioni tayyor boʻlgunicha, ularning mos ravishda Fargʻona, Samarqand hamda Qarshi shaharlarida toʻp tepishi inobatga olinadi. Mazkur 6 klub uchun raqamlar saralab olingach, qur'aning uchinchi bosqichiga oʻtiladi.
Suratdan anglashilganidek, juftlik hosil qilmagan qolgan 6 ta klub uchinchi bosqichda oʻz raqamiga ega chiqadi. Bu bosqichda klublar nomi solingan sharchalar allaqachon savatda boʻladi. Ikkinchi savatga esa shu vaqtgacha 10 ta klubga nasib qilmagan va ortib qolgan 6 ta raqam alohida koʻrsatilgan holda joylashtirib chiqiladi.
Ma'lumot uchun, “Qoʻqon-1912”, “Buxoro”, “Mash'al”, “Qizilqum” kabi klublar qachon oʻz maydoniga qaytishi faqatgina ularning oʻziga bogʻliq. Agar stadionlar 23 fevral sanasiga qadar Liga tomonidan qabul qilib olinsa, ular mavsumni oʻz uyida ham boshlashi mumkin. Biroq har qanday holatda ham Buxoro va Mash'al ilk turni mehmonda oʻtkazishi masalasiga oʻzgartirish kiritilmaydi.
Quyida esa 1-davraning toʻliq taqvimi qanday koʻrinishda boʻlishi keltirib oʻtilgan. Qur'adan keyingi haftada Liga uchrashuvlar sanalarini e'lon qiladi.
Manba: pfl.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar