22:35 / 08.02.2025
275

“Venetsiya” bosh murabbiyi: Shomurodov yoqmaydi, desam ahmoq boʻlaman!

“Venetsiya” bosh murabbiyi: Shomurodov yoqmaydi, desam ahmoq boʻlaman!
A Seriyaning 24-turida “Roma” yuqori divizionda qolish uchun kurashayotgan “Venetsiya” jamoasi mehmoni boʻladi, deb yozmoqda Sports.uz nashri

Keyingi paytda poytaxt klubining ishlari biroz oldinga siljigan. Klaudio Raneri qoʻl ostida “boʻrilar” oxirgi ettita uchrashuvda toʻrtta gʻalaba va uchta durang bilan 15 ochko jamgʻarishga erishdi. Urilgan gollar soni 34 taga etib, bu koʻrsatkich boʻyicha “Roma” ligada sakkizinchi oʻringa koʻtarildi. Oʻtkazilgan gollar 29 ta va bu koʻrsatkich boʻyicha rimliklar oʻninchi pogʻonada qayd etilgan.

Umumiy hisobda “Roma” va “Venetsiya” A Seriyada 27 marotaba toʻqnash kelgan. Shulardan 14 tasida poytaxt klubi gʻolib chiqqan, etti bor kuchlar teng kelgan va olti marta “Venetsiya” futbolchilari kuchli raqibni taslim qila olgan.

Klaudio Ranerining oʻzi murabbiy sifatida “Venetsiya”ga qarshi oltita uchrashuvda ishtirok etgan. Natija yomon emas: uchta gʻalaba, ikki durang va bir magʻlubiyat. Lekin “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko murabbiylar duelida ikki bor hamkasbini engishni uddalagan. Raneri esa, Eusebioni bir bor taslim qilgan.

Shunga qaramay, Eusebio Di Franchesko “Roma”ga qarshi oʻtkazilgan 13 ta uchrashuvning birortasida gʻalabaga erisha olmagan. Atigi uchta durang va 10 ta magʻlubiyat.

“Venetsiya” va “Roma”ning oʻzaro oʻyinlari toʻpurari Eldor Shomurodov hisoblanadi. Oʻzbek futbolchisi 2021-2022 yilgi mavsumda venetsiyaliklar darvozasini har ikki uchrashuvda ishgʻol qilgani qayd etilgan. Joriy chempionatning birinchi davrasida Brayan Kristante va Nikolo Pizilli urgan gollar rimliklarning gʻalabasini ta'minladi.

Navbatdagi bahs oldidan “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko qishki transferlar vaqtida Eldor Shomurodovni olmoqchi boʻlgani haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

- “Venetsiya” sport direktori Filippo Antonelli menga transferlar bozori, undagi vaziyat, roʻy berayotgan oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma'lumot berib turadi. Oʻzim muzokara olib bormayman. Hamyon menda emas.

Sport direktori bizga mos oʻyinchilarni olishga harakat qiladi. Lekin yanvardagi transfer bozori ancha murakkab. Yangi oʻyinchi olish hech qachon boʻlmagan.

Biz Eldor Shomurodov kelishiga umid qilgandik. Sport direktori ayrim transfer nishonlari haqida menga aytgandi. Shomurodov nomzodi menga yoqmaydi, desam ahmoq boʻlaman. Lekin ayrim sabablarga koʻra, bu yoʻnalishdagi ishlar oʻzgarib ketdi. Men muxlislarimizga birlashadigan davr kelganini aytmoqchiman. Biz tarkibimizga tajribali oʻyinchilarni qoʻshib olmoqchi edik, lekin endi kurashga yosh iste'dod egalarini tashlashimizga toʻgʻri keladi, - dedi Eusebio Di Franchesko.

Eslatib oʻtamiz, “Venetsiya” va “Roma” oʻrtasidagi uchrashuv 9 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da start oladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport