12:00 / 14.02.2025
27 181

Abbosbek Fayzullayev xavotirga solyapti!

Abbosbek Fayzullayev xavotirga solyapti!
Rossiya Premer-ligasidagi legionerlarimiz orasida eng yorqin oʻyin koʻrsatayotgani, shubhasiz, Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi.

21 yoshli hujumkor futbolchimiz tom ma'noda SSKAning etakchisiga aylanib qolgan. “Armiyachilar”ning aksariyat hujumlari aynan oʻzbek legioneri orqali tashkil etiladi. Abbosning oʻzi turli pozitsiyalarda oʻynay oladigan universal futbolchilar toifasiga kiradi.

SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich qishki tanaffusdan foydalanib, jamoaning oʻyin uslubini oʻzgartirdi. Qishki yigʻinlarda “armiyachilar” yangi sxemada toʻp tepdi. Serbiyalik mutaxassis Abbosbek Fayzullayevning pozitsiyasini oʻzgartirdi.

Rossiya futboli mutaxassislari Nikolichning bu qaroriga turlicha munosabat bildirmoqda. Xususan, taniqli murabbiy Igor Shalimov bu borada oʻz fikr-mulohazalarini ma'lum qildi.

- SSKA yangi oʻyin sxemasiga oʻtganidan keyin jamoa harakatlarida katta oʻsish koʻzga tashlangani yoʻq. Bu uslub top-jamoalarga qarshi uchrashuvlarda samara keltirishi mumkin. Bunda raqibga kengroq maydon beriladi, “armiyachilar” esa, payt poylab tezkor qarshi hujumga oʻtib ketadi. Bu vaziyatda gol urish imkoniyati oshadi.

Oʻrtamiyona va autsayder jamoalar bilan oʻyinda SSKA himoya chizigʻini pozitsion hujum yordamida yorib oʻtishi talab etiladi. “Armiyachilar” oʻyinida aynan mana shu uslub yaxshi ishlab chiqilmagan.

Miralem Pyanich kelganidan beri oʻyinida oʻsish boʻlgani yoʻq, kuzda qanday harakat qilgan boʻlsa, hozir ham shunday. Balki unga yana vaqt kerakdir.

Koʻpchilik qatori meni yangi sxemada Abbosbek Fayzullayev oʻzini juda qulay his qila olmayotgani xavotirga solmoqda. Abbosning oʻziga boʻlgan ishonchi avvalgidek emas, maydonda qabul qilayotgan qarorlari ham, - dedi Igor Shalimov.

Ta'kidlash joizki, avvalroq Abbosbek Fayzullayevning oʻzi ham maydondagi joyi oʻzgargani, yangi pozitsiyada oʻynashga koʻnikishi kerakligini aytgandi.

- Qishki oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari doim qiyin oʻtadi, chunki yuklamalar koʻp, mashgʻulotlar juda murakkab. Biz yangi oʻyin sxemasiga oʻtdik va hozir uni oʻzlashtirishga e'tibor qaratganmiz, unga koʻnikish uchun biroz vaqt talab etiladi. Yangi sxema boʻyicha biz toʻpga koʻproq egalik qilamiz.

Oʻzimning pozitsiyam oʻzgardi. Ilgari men bu darajada maydon ichkarisiga tushib, hujum qilmaganman. Bu usulda bir Oʻzbekiston terma jamoasida oʻynab koʻrgan edim.

Oʻyinda borimni berishga harakat qilaman, ayni paytda murabbiy meni 8-raqam pozitsiyasida oʻynatyapti. Bolaligimdan 10-raqam oʻrnida oʻynab kelganman va bu joyda oʻzimni ancha qulay his qilardim. Hozir oʻzimning yangi qirralarimni kashf qilyapman, deyishim mumkin. Vaqt berilsa, hujum sxemasida bu pozitsiyada ham samarali oʻynashni oʻrganib olaman, - degan edi Abbosbek Fayzullayev.

Eslatib oʻtamiz, Abbosbek Fayzullayev 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga koʻchib oʻtdi. Shundan beri “armiyachilar” safida barcha turnirlarda 55 marotaba maydonga tushib, sakkizta gol va 20 ta assist muallifi boʻldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport