09:28 / 26.02.2025
9 548

Gvardiola Abduqodir Husanovning asosiy kamchiligini aytdi!

Gvardiola Abduqodir Husanovning asosiy kamchiligini aytdi!
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov endi Angliya futbolini ham zabt etmoqda va tobora oʻzini angliyalik muxlisu mutaxassislarga yaxshiroq tanitib boryapti.

Tez kunlarda 21 yoshga toʻladigan hamyurtimiz “Manchester Siti”ning asosiy oʻyinchilari qatoriga qoʻshildi va tahlilchilarning ta'kidlashicha, aynan oʻzbek futbolchisi yaqin kelajakda jamoaning himoya qoʻrgʻonida etakchilikni oʻz qoʻliga oladi.

Abduqodir Husanov jamoaga yanada chuqurroq singishi uchun ingliz tilini tezroq oʻzlashtirishiga toʻgʻri keladi. Jamoa bosh murabbiyi Xoser Gvardiola ham oʻzbek futbolchisining muloqot doirasi cheklanganini alohida tilga olib oʻtdi.

- Yanvarda safimizga qoʻshilgan oʻyinchilarning bari mashgʻulotlarda oʻzlarini yaxshi tomondan koʻrsatib kelmoqda.

Abduqodir Husanov qisqa fursat ichida “Chelsi”, “Leyton Oriyent”, “Nyukasl”, “Real”, “Liverpul” kabi jamoalarga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi. Bu futbolchi qayerdan kelganini inobatga olsak, u hali bunaqa tigʻiz taqvimda oʻynamagan.

Yana bir jihati shundaki, Husanov hali ingliz tilida erkin gaplasha olmaydi va bu atrofdagilar bilan muloqotning kamligiga sabab boʻlyapti.

Biroq uning oʻyinga qoʻshayotgan hissasi ulkan ekanini e'tirof etish kerak.

Umar Marmush va Niko Gonsales sal kam oʻynagan boʻlsa-da, juda yaxshi harakat qilmoqda. Biz bu uch futbolchining jamoamiz oʻyiniga koʻrsatayotgan ta'siridan qoniqish hosil qilyapmiz. Va albatta, vaqti kelib, Vitor Reys ham yaxshi darajaga chiqishi bilan oʻyin amaliyotiga ega boʻladi, - dedi “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola.

Oʻz navbatida, turli ligalarda Abduqodir Husanov faoliyatiga havas qiladigan futbolchilar ham koʻpaymoqda. Xususan, Rossiyaning “Arsenal” klubida oʻynayotgan asli kongolik boʻlgan markaziy himoyachi Erving Botaka-Yoboma oʻzbek futbolchisi singari Evropa futbolini zabt etishni orzu qilayotganini yashirmadi.

- Evropa chempionatlari ham turlicha boʻladi. Misol tariqasida Belgiyani oladigan boʻlsak, men bu chempionatga borgan boʻlardim. His-tuygʻularim bu liga menga toʻgʻri kelishi va yoqishidan dalolat beryapti. Chunki bunday ligalardan katta chempionatlarga koʻp oʻyinchi olishadi.

Masalan, Abduqodir Husanov olaylik: yaqinda Rossiya birinchi ligasidan kuchli boʻlmagan Belarus chempionatida oʻynab yurgandi. Keyin Fransiyaning “Lans” klubiga oʻtdi. Hozir “Manchester Siti”da!

Hamma narsa boʻlishi mumkin ekan. Hammaning oʻz taqdiri bor, faqat rivojlanish yoʻlini toʻgʻri tanlay olish lozim, - dedi Erving Botaka-Yoboma.

Ta'kidlash joizki, professional futbolchilik faoliyatini 2022 yili boshlagan Abduqodir Husanovning jahonning eng kuchli klublaridan hisoblangan “Manchester Siti” darajasidagi futbolchiga aylanishiga qisqa fursat – ikki yarim yil kifoya qildi xolos. Dastlab bir yil Belarus chempionatida “Energetik-BGU” sharafini himoya qilgan hamyurtimiz keyin “Lans”da bir yarim mavsum oʻynadi.

“Manchester Siti” oʻzbek futbolchisini qoʻlga kiritish uchun bonuslarni qoʻshib hisoblaganda 50 million yevro xarajat qildi. Bu Oʻzbekiston futboli tarixi va “Lans” klubi faoliyati davomidagi eng yirik transfer boʻldi va rekord sifatida qayd etildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport