16:42 / 26.02.2025
88

Ravshan Ermatov: «Osiyo kubogi mezbonligi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz»

Ravshan Ermatov: «Osiyo kubogi mezbonligi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz»
Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasi 2031 yilgi Osiyo kubogini birgalikda oʻtkazish boʻyicha ariza yuborgani haqida xabar berilgandi. Bu borada futbol ommasidan kelib tushgan savollarga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov javob berib oʻtdi.

— Osiyo kubogi mezbonligini qabul qilish imkoniyatlari haqida:
— Osiyo kubogi qit'amizning eng nufuzli futbol turniri hisoblanadi. Shu sababli mezbonlikka da'vogar mamlakatlar koʻpchilikni tashkil etadi. Hozirda OFK arizalarni qabul qilmoqda. Keyingi bosqichda ularni tasdiqlaydi va rasman e'lon qiladi. Imkoniyatlarni oʻrganib chiqish jarayoni shundan soʻng boshlanadi. OFK maxsus inspektsiyasi da'vogar mamlakatlar talablarga qanchalik mosligini aniqlaydi. Osiyo futbol konfederatsiyasi qit'amizning barcha hududlarida futbol yanada rivojlanishi tarafdori. Ayni paytgacha milliy jamoalar oʻrtasidagi Osiyo kubogi aksariyat mintaqalarda boʻlib oʻtgan. Markaziy Osiyo ushbu turnirga hozircha mezbonlik qilmagan. OFK bizning mintaqaga ham oʻzining eng katta musobaqasi mezbonligini taqdim etishiga umid bildiramiz.

— Osiyo kubogi mezbonlariga qanday talablar qoʻyiladi va ushbu mamlakatlar bunga tayyormi?
— Agar oxirgi yillarni oladigan boʻlsak, Oʻzbekiston uchta yirik musobaqaga mezbonlik qildi. U-20 va U-23 Osiyo chempionatlari mezbonligiga nomzodimizni yuborganimizda dastlab OFK bizning qanchalik tayyor ekanligimiz borasida oʻylandi. Keyinchalik barcha talablarni oʻz vaqtida va sifatli bajarganimizdan soʻng hech qanday shubhaga oʻrin qolmadi. Mehmonxonalar, logistika, transport va boshqa yoʻnalishlar xalqaro standartlarga moslashtirildi. Hozir tashkiliy jihatdan OFK ishonchini qozonganmiz, deb oʻylayman.

Xalqaro maqomdagi stadionlarimiz ham bor. Lekin bizga sigʻimi kattaroq stadionlar kerak. Osiyo kubogining eng muhim oʻyinlarini qabul qilish uchun 40-50 ming kishilik stadionlar talab etiladi. Biz bu masalada bir qancha loyihalarni koʻrib chiqyapmiz. Qoʻshnilarimiz ham barcha sharoitlarni taqdim etishga tayyor. Masalan, Qirgʻiz Respublikasi poytaxti Bishkekda 51 ming muxlisga moʻljallangan stadion qurilishi boshlab yuborilgan. Ishonchim komil, agar turnir bizga topshirilsa, Markaziy Osiyo tarixdagi eng yorqin forumlardan birini oʻtkaza oladi.

— Osiyo kubogi mezbonligining biz uchun qanday ijobiy tomonlari bor?
— Birinchi navbatda bu futbol muxlislari uchun katta bayram. Bugun Osiyo futboli rivojlanib boryapti. Eng yaxshi yulduz futbolchilar qit'amizga kelib oʻynashyapti va osiyoliklar Evropaning eng yirik klublariga yoʻl olishyapti. Ularning hammasi Osiyo kubogida ishtirok etadi va yurtimiz maydonlarida unutilmas uchrashuvlar oʻtkazishadi. Qolaversa, milliy jamoamiz ham oʻz hududida yanada yaxshiroq ishtirok etishga harakat qiladi. Qoʻshni qardosh mamlakatlar bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlanadi. Zamonaviy futbol infratuzilmasi rivojlanadi va mutaxassislarimiz xalqaro tajribaga ega boʻladi.

Butun dunyo futbol jamoatchiligi e'tibori nafaqat futbolimizga, balki mamlakatlarimiz turizm salohiyati, madaniyati va tarixiga qaratiladi. Oʻz navbatida futbol orqali yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshish imkoniyati paydo boʻladi. Barcha sohalar singari futbol ham kompleks va keng qamrovli harakatlar bilangina rivojlanib boradi. Katta loyihalar ta'siri eng kichik futbol maktablarigacha kirib boradi. Shu sababli, biz Osiyo kubogi kabi turnirni yurtimizga olib kelish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz, - deya Ermatovning soʻzlarini keltiradi OʻFA matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport