
“Roma”ga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi o‘z jamoasini anchadan beri Yevropa Chempionlar ligasida ko‘rgisi keladi.
Ana shu maqsadda, 2021 yili jamoaga mashhur murabbiy Joze Mourino olib kelingan edi. Portugaliyalik mutaxassis qariyb uch yil davomida bu ishni uddalay olmadi. Keyin uning o‘rniga taklif etilgan “Roma” afsonasi Daniele de Rossining ham, joriy mavsum boshida jamoani qabul qilib olgan Ivan Yurichning ham vaziyatni o‘zgartirishga qurbi yetmadi.
Natijada cho‘kib borayotgan “Roma”ni qutqarish uchun nafaqaga chiqib ketgan Klaudio Ranerini olib kelishdi. 73 yoshli mutaxassis jamoani sekin-asta ko‘tara boshladi. Biroq rimlik mutaxassis joriy mavsumdan keyin bosh murabbiylikni topshirib, klub xo‘jayinlariga maslahatchi bo‘lishi kelishilgan.
Raneri o‘zining o‘rniga ishini yuqori darajada davom ettira oladigan yangi bosh murabbiy ham qidirayotgani hech kimga sir emas.
“Roma”ning sobiq hujumchisi Valter Kazaroli Klaudio Raneri bosh murabbiylikka tavsiya qilayotgan Jan Pero Gasperini nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu mutaxassis Italiya matbuotiga bergan intervyusida “Roma”dagi vaziyat, xususan Eldor Shomurodov haqida ham gapirdi.
- 1970 yillar boshida siz Klaudio Raneri bilan “Roma”ning yoshlar va asosiy jamoasida birga o‘ynagansiz. Uning murabbiylik faoliyatidan hayratga tushganmisiz?
- Yo‘q, chunki Klaudio har doim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan inson ekanini bilardim. U Italiya va xorijdagi faoliyati davomida professional sifatlarini rivojlantirib bordi va hatto Angliya Premer-ligasida g‘olib chiqishni uddaladi.
- Kelasi yozda uning murabbiylik faoliyati butkul tugaydi. U qo‘lga kiritgan natijalarni inobatga olib, nafaqaga chiqarib yuborish uyat emasmi?
- Raneri aslida o‘tgan yili “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolganidan keyin murabbiylik faoliyatini tugatgan edi. Biroq u faqatgina “Roma” uchun murabbiylikka qaytdi. Uning maqsadi bu mavsum muammolar girdobida qolib ketgan jamoani qiyinchiliklardan qutqarish edi, xolos. Iyunda murabbiylikka yana nuqta qo‘yadi. Lekin u bosh murabbiy sifatida ishini davom ettiradigan bo‘lsa, “Roma”ga juda katta yordam bera oladi.
- Kelajakda jamoa boshqaruvida kimni ko‘rishni istaysiz?
- Gasperini nomzodiga hech qanday e’tiroz bildirmas edim. U uzoq muddat ishlayotgan va bu jarayonda yuksak natijalarni qayd etgan “Atalanta” bilan hamkorlik shartnomasini uzaytirmasligini bildirdi. To‘g‘ri, u ilgari “Milan” va “Inter” kabi grand klublarda muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan. Biroq hozir u har tomonlama tajriba va mahoratini oshirib bo‘ldi.
- “Roma”da siz hujumchi pozitsiyasida o‘ynagansiz. Shundan kelib chiqib, so‘nggi pallada hozirgi jamoada ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan Eldor Shomurodov haqida fikringiz qanday?
- Men Shomurodovni yetarli darajada qadrlanmagan futbolchi, deb bilaman. Menga bu hujumchi juda yoqadi. Eldor har ikki oyog‘ida yaxshi harakat qila oladi, “ikkinchi qavatda” zo‘r o‘ynaydi, texnikasi yaxshi va tezkor futbolchi hisoblanadi.
- Raneri kelganidan keyin “Roma”da nimalar o‘zgardi?
- O‘ylashimcha, futbolchilarning o‘yini o‘zgardi. Raneri ularning qadrini ko‘tardi. Ilgari ko‘pchilik Anjelino va Chelik talabga javob bermasligini aytardi. Biroq ular yaxshi o‘yinchi ekanini Raneri yuzaga chiqardi. Ilgari ayrim futbolchilar o‘z darajasini namoyish etish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlarda 24 marotaba maydonga tushib, to‘rtta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar