
Elit OCHL nimchorak final bahsidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Al Hilol" (1:0) bahsidan so‘ng "Sherlar" bosh murabbiyi Pedru Moreyra va yarim himoyachi Abdurauf Bo‘riyev matbuot anjumanida ishtirok etishdi.
"Kecha aytib o‘tganimdek qiyin bahs bo‘ldi. Biz bugun juda kuchli jamoaga qarshi tartibli o‘yin namoyish eta oldik. "Al Hilol" bizdan ko‘ra ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qilishi kutilgan edi. Kecha biz himoyaviy futbol namoyish etamizmi deya qiziqishgandi. Bugun biz ko‘zlagan o‘yin qanday bo‘lganini bilib oldingiz. Biz bor e’tiborimizni o‘yinni to‘g‘ri tashkil etishga qaratgandik. Bugun futbolchilarimiz juda yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Biz ko‘proq himoyaga e’tibor berib, raqibni bo‘sh qolgan zonalarda ushlashga harakat qildik. Dastlabki 30 daqiqani "fantastik" tarzda o‘tkazdik. Endi bizni Riyoddagi uchrashuv kutib turibdi. Safardagi bahs bugungidan ham qiyinroq kechishi aniq. Futbolchilarga rahmat aytaman va ular bilan kiyinish xonasida ham gaplashdim. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz" - dedi Pedru Moreyra.
"Bunday sovuq kunga qaramay bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga rahmat aytaman. Raqib Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri edi. Bosh murabbiyimizning taktikasi tufayli bunday natijaga erishdik, ammo hali jang tugamadi. Endi keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak" - deya aytib o‘tdi Abdurauf Bo‘riyev bugungi bahs haqida.
- Bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Jamoangizda keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘rish uchun yana bir hafta vaqt bor. Safar uchrashuvi haqida qanday fikrdasiz? Riyodda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda "Al Hilol" o‘ziga qulay sharoitda bo‘ladi. Bugungi uchrashuvdan kelib chiqib, yana nimalarni o‘zgartirishingiz mumkin?
- Dastlab, bugungi g‘alabadan xursand bo‘lib olaylik(kuladi). Keyin esa, safar bahsi haqida o‘ylaymiz. Bugun futbolchilarim o‘z harakatlari bilan raqibga gol urishga bermadi. Bunday maydon raqib uchun noqulaylik tug‘dirgandir, ammo biz ham xuddi shu maydonda futbol o‘ynadik. Biz 3-4ta yaxshi vaziyat yaratdik. Raqibimiz esa bizdan ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ldi, ammo ular bugun gol urisha olishmadi. Shu bois, jamoamning ayni damdagi holati haqida ijobiy fikrdaman. Safarda bahs ham qiyin kechadi. Katta muxlislar bilan to‘ladigan stadion va umuman boshqa kayfiyatdagi raqib. Bizni bunday ob-havoda yolg‘izlatib qo‘ymagan muxlislarimizdan minnatdorman. Toshkentdagi o‘yinlarda ishtirok etish juda yoqimli, sababi bu yerda "fantastik" atmosfera bor.
- Brayan Riaskosning holati haqida gapirib o‘tsangiz...
- Riaskosni o‘yindan kelib chiqib zahiraga oldik. U ayrim bir vaziyatda charchab qolgan yoki qaysidir vaziyatda pressingda yaxshiroq qatnashmagan bo‘lishi mumkin. Bu o‘yindagi holatdan kelib chiqib qabul qilingan qaror.
- Kecha o‘yindan oldingi matbuot anjumanida O‘rinboyev haqida berilgan savol ijtimoiy tarmoqlarda ancha ko‘p gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. O‘rinboyevni keyingi uchrashuvlarda maydonda ko‘rishimiz mumkinmi?
- Biz maydondagi futbolchilar haqida gapirishimiz kerak, mening nazarimda. Ular bunga loyiq. Men maydonga eng yaxshi va ayni damda asosiy tarkibdan joy olishga eng loyiq futbolchilarni tanlayman. Bu mening qarorim. Men O‘rinboyev bilan bor-yo‘g‘i ikki kun ishladim, xolos. Bunday qisqa vaqt davomida jamoa bilan birga bo‘lgan futbolchini maydonga tushirishim boshqa futbolchilarga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Yana bir bor takrorlayman, O‘rinboyev o‘z o‘rni uchun kurashishi kerak va u barchasini isbotlashga qodir. Men uchun futbolchilarni almashtirishdan oson ishning o‘zi yo‘q, lekin biz jamoa o‘yiniga mos keladiganlarga ko‘proq murojaat qilishimiz kerak. Sobirxo‘jayev bugun o‘ynamadi, ammo uning o‘rnini Bo‘riyev muvaffaqiyatli egalladi. Abdurauf juda yaxshi o‘yin namoyish etdi. Bu haqda barcha futbolchilar bilan gaplashganman. Masalan, yonimda o‘tirgan Bo‘riyev bilan birinchi kundayoq bu haqda kelishib olganmiz. Har bir futbolchi o‘z o‘rni uchun kurashishi kerak.
Abdurauf Bo‘riyevga savol
- Abdurauf, sizning fikringizcha, bugungi uchrashuvning qaysi jabhasida "Paxtakor" raqibdan ustunlik qildi?
- So‘nggi 5-10 daqiqani hisobga olmasak, biz to‘liq o‘yin davomida raqibdan qolishmadik. So‘nggi daqiqalarda hisobni ushlab qolish uchun o‘ynagandek tuyulgan bo‘lishi mumkin. O‘yin so‘ngida raqib bosim qildi. Hujumchilarga uzun paslar va qanotdan paslar orqali hujum qilishdi. Biz ularga deyarli imkoniyat bermadik va shu sababli yaxshi natijaga erishdik, deb o‘ylayman.
- "Paxtakor" o‘zining eng yaxshi o‘yin darajasiga chiqishga intilmoqda, deb aytib o‘tdingiz. Sizningcha, "Paxtakor" taxminan qachon o‘zining eng yaxshi sport formasida bo‘ladi. Shuningdek, bugun jamoangiz namoyish etgan o‘yinga baho berib o‘tsangiz. Masalan, o‘n ballik baholash tizimida bugungi o‘yinga necha baho bergan bo‘lardingiz.
- Bugungi bahs bizning bor-yo‘g‘i uchinchi rasmiy uchrashuvimiz edi. Biz murabbiylar shtabi bilan strategiya ishlab chiqqanmiz. Biz o‘z g‘oyalarimizni amalga oshirishimiz kerak. Hozirgi kunda namoyish etayotgan o‘yinimizdan qoniqish hosil qilyapman. Dastlabki uchta bahs haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, taassurotlarim ijobiy. Bugun biz oddiy jamoaga qarshi o‘ynamadik. Biz dastlabki daqiqalarda raqibga imkoniyat bermadik. Biz ushbu bosqichga qadar yetib kelishni juda istagandik. Bilasiz, keyingi mavsum OCHLda ishtirok etmaymiz. Bizning maqsadimiz ushbu musobaqaga imkon qadar tezroq qaytish.
O‘zbekiston futboli rivojlanayotgan mamlakat. Men "Paxtakor"dan taklif olganimda, mamlakatingiz futbolini o‘rganib chiqqan edim. O‘zbekistonda yosh va iqtidorli futbolchilar ko‘p. Bu haqda avval ham aytgandim. Terma jamoangiz mundialga yo‘l olishiga tilakdoshman. Mening mehnatlarim mevasi o‘zbek futboliga foyda keltirishini istayman. Men O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqish yo‘lidagi kichkina hissamni qo‘shishga harakat qilaman, agar ushbu vazifani bajara olsam, men xursand bo‘laman.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar