21:00 / 08.03.2025
10 241

Angliyalik ekspertlar Husanovning o‘yinini qanday baholadi?

Angliyalik ekspertlar Husanovning o‘yinini qanday baholadi?
Angliya Premer-ligasining 28-turini uchinchi o‘rinni talashayotgan jamoalar – “Nottingem Forest” va “Manchester Siti” boshlab berdi.

Garchi o‘yin davomida Xosep Gvardiola shogirdlari ustunlik qilgan bo‘lsa-da, g‘alaba “o‘rmonchilar”ga nasib qildi. Mezbonlar Yoshko Gvardiol va Edersonning bo‘shroq zonasidan foydalanib, g‘alaba to‘pini kiritdi.

Abduqodir Husanov bu bahsda ham to‘liq harakat qildi. Legionerimiz maydonda eng yaxshi o‘ynagan futbolchilardan biri bo‘ldi.

Angliya futbolini yoritib kelayotgan cityxtra.co.uk portali ekspertlari “shaharliklar”ning harakatlarini 10 balli tizimda quyidagicha baholadi.

Ederson – 5:
Uchrashuvning 66-daqiqasida Kallum Xadson-Odoining xavfli zarbasini qaytardi. Biroq keyingi vaziyatda shu hujumchi darvozabonning yaqin burchagiga gol urib ketdi.

Mateush Nunesh – 6:
O‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlay olmadi. Bir necha shubhali qarorlarni qabul qildi. Himoyaga nisbatan yarim himoyada yaxshiroq o‘ynadi. Oqibatda o‘rnini Riko Lyuisga bo‘shatib berdi.

Abduqodir Husanov – 8:
Husanov hammani hayratga solishda davom etmoqda va maydonda “Manchester Siti”ning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Umuman olganda, o‘zbek futbolchisi yanvarda jamoaga kelganidan beri himoyadagi ishonchli o‘yini bilan Xosep Gvardiolaning ishongan himoyachisiga aylanib bormoqda.

“Nottingem Forest” bilan bo‘lgan bahsda ham Abduqodirdan to‘pni olib qo‘yish, ishonchli himoyalanish, uzoq masofalarga aniq paslar seriyasini ko‘rdik. Raqib hujumchilari Xadson-Odoi va Kris Vud Husanovdan umuman o‘tolmadi.

Ruben Diash – 7:
O‘ziga ishongan holda ancha xotirjam harakat qildi. Gol urilgan vaziyatda Xadson-Odoini to‘xtatib qololmadi.

Yoshko Gvardiol – 7:
Raqib gol urgan vaziyatda hujumchiga yetarli darajada qarshilik ko‘rsata olmadi. Biroq uchrashuv davomida hujum tashkil qilishda ham faollik ko‘rsatdi. Doku, Savino va Silva bilan chap qanotda turli kombinatsiyalar uyushtirdi.

Bernardo Silva – 6,5:
Avvaliga o‘z qanotida raqib himoyasini yorib o‘tolmadi. Maydonga Kevin de Bryuyne tushganidan keyin o‘yini ochildi.

Niko Gonsales – 6:
Maydon markazida “o‘rmonchilar”ni to‘xtatishga harakat qildi. Lekin “Oltin to‘p” sohibi Rodrining darajasiga yetishiga ancha bor ekan.

Savino – 6:
Markaziy hujumchi Erling Xolandga birorta qulay pas uzata olmadi.

Fil Foden – 6:
O‘yin boshidayoq gol urish uchun imkoniyat bo‘lgandi. Biroq keyingi paytda Foden o‘yinlarda “yo‘qolib” qolmoqda.

Jeremi Doku – 7:
“Manchester Siti” hujum chizig‘idagi eng yorqin o‘yinchilaridan biri bu gal o‘z mahoratini ishga sola bilmadi.

Erling Xoland – 6,5:
Norvegiyalik to‘purar raqib himoyachilaridan o‘tishni uddalay olmadi. Harakatlari samarasiz ketdi va u maydonni quruq tark etdi.

Riko Lyuis – 6:
Zahiradan o‘yinga qo‘shilib, o‘ng qanotdan joy oldi. Lekin uning harakatlari ham raqib himoyasidan o‘tishga kamlik qildi.

Mateo Kovachich – 6,5:
O‘yin oxirida jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarishga yaqin kelgandi. U yo‘llagan zarba darvoza ustuniga yaqinlashganda yon tomonga burilib ketdi.

Kevin De Bryuyne – 6:
Maydonga tushishi bilan jamoasi hujumlarini tashkil qilishga kirishdi. Lekin shu kuni “o‘rmonchilar” yaxshi himoyalandi.

Umar Marmush – 6,5:
O‘yinga qo‘shilgani bilindi. Xolandga gol urishi uchun vaziyat yaratib berishga harakat qildi.

Ta’kidlash joizki, bu mag‘lubiyatdan keyin “Manchester Siti” uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatini boy berdi. Mavsum oxirigacha Xosep Gvardiola shogirdlari Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradigan o‘rinlardagi joyini saqlab qolish uchun kurashishga majbur.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Angliyalik ekspertlar Husanovning o‘yinini qanday baholadi?