
SSKA jamoasi Rossiya kubogining yarim final dastlabki uchrashuvida o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida poytaxtning “Dinamo” klubi futbolchilarini qabul qildi.
Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuv qahramonlaridan biri Abbosbek Fayzullayev bo‘ldi. 21 yoshli hujumkor futbolchimiz 50-daqiqada samarali hujum tashkil qilib, Seku Koytaga golli pas uzatdi. Abbosning o‘zi ham keyinroq gol urish imkoniga ega bo‘lgandi. Legionerimizning zarbasini raqib posboni qaytarib qoldi.
Uchrashuv “armiyachilar”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan keyin Abbosbek Fayzullayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuv haqida
Poytaxt derbisida g‘olib chiqqanimizdan xursandmiz. O‘yin og‘ir o‘tdi. “Dinamo” bilan har doim ochiq o‘yin bo‘ladi. Jismonan va ruhan qiyin bo‘ldi.
Bunaqa derbilarda har doim g‘alaba qozonish ishtiyoqi yuqori bo‘ladi. Muxlislarimizga minnatdorlik bildirishni istayman, bu g‘alaba aynan ularga bag‘ishlanadi.
Kislyak haqida
G‘alaba to‘pini kiritgan Matvey Kislyak – top-o‘yinchi!
Har mashg‘ulotda uning qanday o‘sib borayotganiga guvohman. Unga xuddi shunday davom etishini va katta muvaffaqiyatlarga erishishini tilayman.
Koytaning goli haqida
Biz birinchi bo‘limda ham yaxshi o‘ynadik. Raqib futbolchisi qizil kartochka olganidan keyin o‘yinning kechishi biroz o‘zgardi.
Hamma kabi men ham Koytaning golidan shokka tushdim. Qanaqasiga bunaqa gol urish mumkin? Eng muhimi, bu gol g‘alabaga xizmat qildi.
Yangi o‘yin sxemasi haqida
To‘g‘risi, avvalgi o‘yin sxemamiz men uchun qulayroq edi. Men ko‘proq o‘ynardim va bahs davomida markazga o‘tib, hujumda keskinlikni yuzaga keltirardim. Lekin bosh murabbiy men boshqacharoq o‘ynashim kerak, degan qarorga keldi va buni sinab ko‘ryapmiz.
Bunga ko‘nikish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Mana o‘xshay ham boshladi. Hozir men ko‘proq ortga qaytyapman, himoyalanishga ko‘proq kuch sarflayapman.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev joriy mavsumda barcha turnirlarda 26 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga yettita golli pas uzatdi.
Rossiya kubogi yarim final doirasidagi javob o‘yini 16 aprel kuni “Dinamo” jamoasi mezbonligida o‘tkaziladi. “Armiyachilar” keyingi bosqichga chiqishi uchun bo‘lajak bellashuvda durang natija ham kifoya qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar