23:57 / 16.03.2025
169

Mirjalol Qosimov "Paxtakor" mag‘lub etilgan o‘yindan so‘ng nimalar dedi?

Mirjalol Qosimov "Paxtakor" mag‘lub etilgan o‘yindan so‘ng nimalar dedi?
Superliga 2-turidan o‘rin olgan OKMK - "Paxtakor" (2:0) bahsidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Bugungi uchrashuvga biroz boshqacha yondashuv bilan maydonga tushgandik, ammo maqsadimiz o‘sha-o‘sha g‘alaba qozonish edi. "Paxtakor"ni yaxshi bilamiz. Mahalliy va legioner futbolchilar aralashgan holda kuchli tarkib yig‘ilgan. "Paxtakor" O‘zbekistonning eng dominant klublaridan biri. Shu sababli biz o‘z uslubimizni o‘zgartirishga qaror qildik. "Paxtakor" qanot himoyachilari Adhamzoda va Alijonovlar hujumda ancha faol bo‘lishgani tufayli, bugun biz besh nafar himoyachi bilan o‘yinni boshladik. Ushbu qarorimiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi va biz qanotlarni to‘liq yopa oldik. Kerakli pallada hujumga chiqa oldik ham. Jamoam o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishdi. Muxlislarimizga rahmat. Biz ular uchun o‘ynashda davom etamiz" - dedi Mirjalol Qosimov "Paxtakor" mag‘lub etilganidan so‘ng.

- Ikkinchi bo‘limning yarmidan so‘ng "Paxtakor" hujumga zo‘r berdi. OKMK esa chuqur himoyalanishni boshladi. Ortga yurish va zich himoyalanish ham o‘yin rejasining bir qismi edimi yoki raqib bunga majbur qildi?

- Bir narsani unutmaylik. Raqib ham ko‘p hujum qildi, shu sababli biz ham hisobni saqlab qolishga harakat qildik. Albatta, bunday o‘yinni "ideal" deb bo‘lmaydi. O‘zingiz bilasiz, men har doim to‘rt nafar himoyachi bilan va kombinatsion futbol o‘ynashga harakat qilaman. Bahsni uch nafar markaziy himoyachi bilan boshlashimizni raqib kutmagan edi, nazarimda. Futbolchilarim yaxshi harakat qildi, lekin kamchiliklar ham bor. Ular ustida ishlashimiz kerak, xatolarni o‘n kunda to‘g‘rilashning iloji yo‘q. O‘yin davomida sxema har doim o‘zgarib boradi. Futbolchilar buni sezishi va o‘yin davomida bunga moslashishi kerak.

- OKMK dastlabki ikki uchrashuvda 100% foizlik natija qayd etdi. Oldinda esa FIFA kunlari bor. O‘rtadagi tanaffus o‘yindagi kamchiliklarni to‘g‘rilab olish uchun foydali bo‘ladimi yoki aksincha, jamoa zarariga ishlashi mumkinmi?

- Men bu haqda bir nima deya olmayman. Afsungar bo‘lganimda, ertaga nima bo‘lishini sizga aytib berardim. Barchasini tanaffusdan so‘ng bilib olamiz.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport