
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va yetakchi to‘purari Eldor Shomurodov Italiyaning A Seriyasidagi faoliyatini 2020 yil oktyabr oyida boshlagan edi. Bu davr mobaynida Eldor “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma” klublarida 148 uchrashuvda ishtirok etib, 23 gol va 16 assist bilan o‘zini ko‘rsatdi.
Shomurodov Italiyada ko‘plab murabbiylar bilan ishladi, ammo uning uchun eng samarali va muhim mutaxassis sifatida Klaudio Raneri alohida ajralib turadi. 73 yoshli italiyalik murabbiy o‘tgan mavsum “Kalyari” klubini A Seriyada olib qolishida Shomurodovga katta ishonch bildirgan edi.
Joriy mavsumning noyabr oyida inqirozga yuz tutgan “Roma”ni qabul qilib olgan Raneri qisqa vaqt ichida jamoani yuqori natijalarga olib chiqdi. Uning boshqaruvida “Roma” barcha musobaqalarda 16 g‘alaba, besh durang va olti mag‘lubiyat qayd etib, Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Raneri jamoani tark etish arafasida turgan Shomurodovni klubda olib qolishga qaror qildi va bu qaror qisqa muddat ichida o‘z samarasini ko‘rsatdi. Shomurodov qisqa muddatda “Roma”ning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi.
Biroq yaqinda “Tommazo Maestrelli” sovrini bilan taqdirlangan Klaudio Raneri muhim qarorini e’lon qildi. U mavsum oxirida murabbiylik faoliyatini yakunlab, pensiyaga qaytadigan bo‘ldi.
“Jamoa natijalaridan hayratda emasman, men o‘z o‘yinchilarimning salohiyatiga ishonib ish tutdim. Endi eng murakkab palla keldi. Paulo Dibalaning jarohati vaziyatni og‘irlashtirdi, jamoa yana ham birlashib harakat qilishi kerak. Men qarorimni o‘zgartirmayman va ikki oydan keyin lavozimimni tark etaman”, – dedi Klaudio Raneri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mavsum tugagach Raneri “Roma” prezidentining sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Bu esa o‘z navbatida, Eldor Shomurodovning klubdagi kelajagiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar