
Italiya A Seriyasining barcha – 20 ta jamoasi FIFA kunlari munosabati bilan terma jamoalarga jami 184 nafar futbolchini kuzatib qo‘ydi.
Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” klubi ham hamyurtimizni qo‘shib hisoblaganda Yevropa, Osiyo, Afrika, Amerika qit’alari mamlakatlarini turli terma jamoalariga jami 11 nafar o‘yinchi jo‘natdi.
“Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan vocegiallorossa.it nashri jamoaning hozirgi tarkibi vakillari orasidan xalqaro maydonda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilari reytingini tuzib chiqdi.
- Joriy mavsum uchun FIFA kunlari munosabati bilan oxirgi ikki haftalik tanaffus davom etyapti. “Roma” butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan o‘yinchilarining faoliyatini faxr bilan kuzatib boryapti. Klub o‘z futbolchilarining vatanlari oldidagi burchlarini muvaffaqiyatli bajarib, Trigoriyaga sog‘-salomat, yuqori kayfiyatda qaytishlarini kutyapti, - deb yozdi vocegiallorossa.it nashri.
Eldor Shomurodov
Ushbu portal tuzgan yangicha reytingda birinchi o‘rin Eldor Shomurodovga nasib qildi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov xalqaro maydonda 79 ta uchrashuv o‘tkazgani qayd etilgan. “Roma” futbolchilari orasida hech bir futbolchi legionerimizchalik xalqaro maydonda ko‘p o‘yinga tushmagan.
Bundan tashqari, 29 yoshli hujumchimiz “Roma” futbolchilari orasida o‘z mamlakati terma jamoasi uchun eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Shomurodov 41 ta gol bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi va yaqin yillar ichida uning rekordini hech qaysi futbolchimiz yangilay olmaydi.
Mats Xummels
Germaniyalik himoyachi Eldordan yetti yosh katta va xalqaro maydondagi faoliyatini besh yil erta boshlagan bo‘lsa-da, xalqaro maydondagi uchrashuvlar soni bo‘yicha ortda qoldi. Xummels so‘nggi 15 yil ichida o‘z yurti bosh jamoasi tarkibida 78 ta uchrashuvda ishtirok etgan va raqiblar darvozasini besh marta ishg‘ol qilgan.
Eng muhimi – mashg‘ur himoyachi 2014 yili Braziliya mezbonlik qilgan jahon chempionatida g‘olib chiqqan va Yevropa chempionati sovrindori ham bo‘lgan.
Leandro Paredes
30 yoshli argentinalik yulduz “Roma” futbolchilari orasida xalqaro miqyosdagi sovrinlari ko‘pligi bilan maqtana oladi. U 2022 yili Qatardagi jahon chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritgan. Amerika kubogida ikki marta chempion va bir bor sovrindor bo‘lgan.
Paredes bu ko‘rsatkichlarga 2017 yildan beri jami 70 ta uchrashuvda qatnashib erishgan. Yarim himoyachi hisobida beshta gol ham bor.
Kuchli uchlik bilan ham tanishib oldik. Keyingi o‘rinlarda qayd etilgan futbolchilar peshqadamlarga yetib olish uchun hali ancha harakat qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Xususan, Zeki Chelik Turkiya terma jamoasi safida 53 marotaba xalqaro uchrashuv o‘tkazgan. Rimliklarning qolgan biror futbolchisi elliktalik dovonni zabt etmagan.
Ular bilan tanishing:
- Brayan Krstante Italiya terma jamoasida 43 ta o‘yin, 2 ta gol.
- Paulo Dibala Argentina terma jamoasida 40 ta o‘yin, 4 ta gol.
- Saud Abdulhamid Saudiya Arabistoni terma jamoasida 38 ta o‘yin, 1 ta gol.
- Lorenso Pellegrini Italiya terma jamoasida 36 ta o‘yin, 6 ta gol.
- Artyom Dovbik Ukraina terma jamoasida 35 ta o‘yin, 11 ta gol.
- Stefan El-Shaaravi Italiya terma jamoasida 32 ta o‘yin, 7 ta gol.
“Roma” futbolchilaridan ivuarlik Evan Ndika 16, daniyalik Viktor Nelsson 16, italiyalik Janluka Manchini 14, belgiyalik Aleksis Salemakers 13 ta xalqaro o‘yinda qatnashgan.
Fransiyalik Manuel Kone (4 ta), niderlandiyalik Devayn Rensh (2), darvozabonlardan italiyalik Perluiji Gollini, serbiyalik Mile Svilar hamda italiyalik hujumkor futbolchi Nikolo Pizilli o‘z mamlakati milliy terma jamoasida bittadan o‘yin o‘tkazgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar