
2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kurashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 25 mart kuni mintaqaviy saralash turniri uchinchi bosqichidagi sakkizinchi uchrashuvini safarda Eronga qarshi o‘tkazadi.
Bu bahs musobaqa jadvalida jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi dastlabki ikki o‘rinni egallab turgan terma jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvi hisoblanadi.
Ayni paytda futbol jamoatchiligi uchrashuv oldidan vaziyatni tahlil qilmoqda.
- Eron terma jamoasi qatorasiga to‘rtinchi bor jahon chempionatiga chiqishi uchun O‘zbekiston bilan bo‘ladigan uchrashuvda ularni durang natija ham qoniqtiradi. O‘zbekiston esa, bu bellashuvda g‘olib chiqish orqali ochkolarini 19 taga yetkazib, eronliklarga tenglashib olishi mumkin.
Eron terma jamoasi uchun saralash uchrashuvlari bir maromda o‘tmoqda. Ular turnir davomida faqatgina O‘zbekiston bilan oktyabrdagi uchrashuvda durang o‘ynab, ikki ochko yo‘qotgan xolos.
O‘zbekiston uchun peshqadam maydonidagi g‘alaba ularning ilk bor jahon chempionatiga borish imkoniyatini deyarli hal qilib beradi. Buning uchun ular bahaybat “Ozodiy” stadionidagi bosimni ham yengib o‘tishi lozim, - deb yozmoqda Osiyo futbol konfederatsiyasining rasmiy sayti.
Eron va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuvni tahlil qilayotgan ekspertlar tomonlarni durang natija qoniqtirishiga urg‘u bermoqda.
- Forslar zo‘r sport formasida: ular qatorasiga to‘rtta uchrashuvda zafar quchdi, mag‘lubiyatsiz seriyasi 11 ta o‘yinga yetdi, o‘z maydonidagi oxirgi 15 ta bellashuvdan 13 tasida zafar quchgan. Jamoa hujumkor o‘yin namoyish qilmoqda. So‘nggi to‘rtta bahsda 12 ta gol urgani shundan dalolat beradi.
Bo‘lajak to‘qnashuvda O‘zbekistonga nafaqat mustahkam himoya, balki oldingi chiziqda shijoat ham kerak bo‘ladi. Timur Kapadze shogirdlari jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilgan.
O‘zbeklar eng yaqin ta’qibchilaridan olti ochko oldindi va agar Eronda mag‘lubiyatga uchramasa, mundialga chiqish imkoniyati ularning qo‘lida qoladi.
Bu terma jamoaning asosiy muammosi – samaradorlik. O‘zbekistonliklar oxirgi oltita uchrashuvda atigi beshta gol urgan xolos. Shunga qaramay, maqtanishga arziydigan ko‘rsatkich ham bor. Ular raqib maydonida oxirgi 13 ta bellashuvdan atigi ikkitasida yutqazgan xolos, sakkiz bor mezmonlarni taslim qilishni uddalagan.
Eron o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida jahon chempionati yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritish uchun bor kuchini tashlaydi. Lekin O‘zbekiston kurashsiz taslim bo‘ladigan jamoa emas. Mehmonlarning g‘alabasi musobaqa jadvalidagi vaziyatni ostin-ustun qilib tashlaydi. Durang esa, intriga saralash turniri oxirigacha saqlanib qolishini ta’minlaydi, - deb yozmoqda sportandbets.com sayti.
Ayrim ekspertlar bo‘lajak bellashuv natijasiga “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodovning eronliklarning himoya qo‘rg‘onini yorib o‘tish mahorati va “Manchester Siti” yulduzi Abduqodir Husanov boshchiligidagi o‘zbek himoyachilarining raqibning keskin hujumlarini bartaraf etish mahorati katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eron hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘ta muhim uchrashuv 25 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar