
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va tarixdagi eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyati yana yorqin pallaga kirdi. 29 yoshli hujumchi klub darajasida ham o‘z o‘rnini topdi — bugungi kunda u “Roma” safida asosiy futbolchilardan biriga aylanib ulgurdi.
Klaudio Raneri qo‘l ostida Eldorning o‘yini ochildi. Uning maydondagi fidoyiligi, mehnatsevarligi va jamoaviy o‘yinga bo‘lgan munosabati nafaqat murabbiy, balki jamoa muxlislari tomonidan ham yuksak baholanmoqda.
Shartnoma uzaytirildi, lekin maosh qisqartirildi
Italiyaning bir qator nufuzli OAVlari yozishicha, “Roma” klubi Shomurodov bilan tuzilgan amaldagi shartnomani 2026 yil 30 iyunigacha bir yilga uzaytirdi. Yangi bitim jamoaning moliyaviy siyosatiga mos ravishda tuzildi — Eldorning maoshi biroz kamaytirildi, ammo bu uning asosiy tarkibdagi roliga ta’sir qilmadi.
Bungacha “Roma” Nikolo Pizilli va Leandro Paredes bilan ham shartnomalarni uzaytirgan edi. Endi esa o‘zbek hujumchisi bilan ham hamkorlikni mustahkamladi.
Eldor ketishi mumkin edi, ammo…
Kechagina “Roma” klubi Eldordan qutilishga ikki marta urinib ko‘rdi. Avvaliga u MLSning “Atlanta Yunayted” klubiga yo‘l olishi kerak edi. So‘ngra qishda “Venetsiya” jamoasiga o‘tishi mumkin edi. Ammo barchasini o‘zgartira olgan bir gol bo‘ldi!
Yevropa ligasida “Ayntraxt”ga qarshi o‘yinda kiritilgan muhim gol rimliklarning qarorini o‘zgartirdi. Raneri aynan shu uchrashuvdan so‘ng Eldor “Roma”da qolishi kerakligini qat’iy bildirdi va uning transferi bloklandi.
Zaxiradan — qahramonlikka!
Shomurodov ko‘pincha o‘yinlarga zaxiradan tushayotgan bo‘lsa-da, uning maydondagi ta’siri katta. U qimmatli ochkolar keltirmoqda, hal qiluvchi vaziyatlarda jamoasiga yordam bermoqda. Aynan Eldorning ta’siri bilan “Roma” hozir Yevropa Chempionlar ligasi uchun kurashni davom ettirmoqda.
Eldorning Italiyadagi izi
Shomurodov 2020 yil oktyabrda Rossiyaning “Rostov” jamoasidan Italiyaning “Jenoa” klubiga o‘tgan edi. U yerdagi muvaffaqiyatli debyutdan so‘ng “Roma” uni o‘z tarkibiga qo‘shdi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu transfer poytaxt klubiga 19,6 million yevroga tushgan.
Shundan so‘ng, u ijara asosida “Spetsiya” va “Kalyari” jamoalarida ham o‘ynadi. Hozirgacha Eldor A Seriyada 122 ta uchrashuvda qatnashgan va 18 ta gol urgan. Unga qo‘shimcha ravishda 11 ta golli pas bilan ham jamoadoshlarini quvontirgan.
O‘zbekiston termasi — Eldorning iftixori
Eldor Shomurodov nafaqat klub, balki terma jamoa darajasida ham haqiqiy lider. U hozirgacha O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 80 ta uchrashuv o‘tkazgan va 41 ta gol kiritgan. Bu natija bilan u O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan.
Hozir terma jamoamiz 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish ostonasida turibdi va Shomurodovning bu jarayondagi o‘rni beqiyos.
Eldor Shomurodov bugun O‘zbekiston futbolidagi eng yorqin yulduzlardan biri. Uning “Roma”dagi muvaffaqiyati, shartnomasi uzaytirilishi va termadagi rekordlari yosh futbolchilar uchun katta motivatsiya bo‘la oladi. Eldor hali hujumda ko‘p yuraklarni zabt etishi aniq! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar