date
views 3 295

«Roma» Eldor Shomurodov bilan birga yangi rekord o‘rnatish arafasida!

«Roma» Eldor Shomurodov bilan birga yangi rekord o‘rnatish arafasida!
Klaudio Raneri boshchiligidagi «Roma» 2025 yilda Italiya chempionatida eng yaxshi natijani qayd etayotgan jamoaga aylanib ulgurdi. Poytaxtliklarning bu muvaffaqiyatida o‘zbek futbolchisi Eldor Shomurodovning o‘rni alohida e’tiborga loyiq.

A Seriyaning 33-turida «Olimpiko» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda «Roma» kuchli raqib — «Verona»ni qabul qildi va 1:0 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mazkur uchrashuvda yagona va g‘alabali golni Eldor Shomurodov urdi. Goldan tashqari, o‘zbek legioneri o‘yin davomida jamoasining hisobni ushlab qolishida katta mehnat qildi.

Ayni vaqtda «Roma» o‘z tarixidagi eng yaxshi natijalardan biriga erishib turibdi — jamoa ketma-ket 17 ta uchrashuvdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmaydi. Bu davr mobaynida «bo‘rilar» 12 g‘alaba va 5 durang qayd etdi. Jamoaning A Seriyadagi so‘nggi mag‘lubiyati 2024 yil 15 dekabrda, safarda «Komo»ga qarshi bellashuvda kuzatilgan edi.

Bu ko‘rsatkich «Roma»ning so‘nggi 10 yillikdagi eng uzoq davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasi bo‘lib, 2016 yilda Luchano Spalletti qo‘l ostida qayd etilgan 17 o‘yinlik seriyaga teng kelmoqda. Agar «Roma» kelasi turda «Inter»ga qarshi uchrashuvda ham yengilmasa, jamoa yangi rekord o‘rnatadi.

Ushbu rekord natijalarda Eldor Shomurodovning hissasi alohida ahamiyat kasb etadi. Chempionat boshidan buyon 29 yoshli o‘zbek futbolchisi jami 7 gol kiritib, ayniqsa, 2025 yilda o‘zining samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Mavsumning ikkinchi yarmidagi gollari bilan Shomurodov jamoasi uchun 7 qimmatli ochko olib berdi. Eldorning gollari evaziga «Monsa» (4:0), «Verona» (1:0) mag‘lub etildi va «Yuventus» (1:1) bilan durang qayd etildi.

«Roma» bosh murabbiyi Klaudio Raneri jamoaning ushbu muvaffaqiyati va kelajak haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

Biz orzularimiz sari ishonch bilan bormoqdamiz. O‘ylaymanki, jamoam bu yo‘lda uddalab bo‘lmas ishlarga qo‘l urmoqda. Lekin, oldinda juda katta va qiyin o‘yinlar bor — «Inter» va «Fiorentina»ga qarshi fantastik bahslar kutilmoqda. Bu o‘yinlarda ham natijaga erishish uchun ko‘p mehnat qilish kerak.

Bir narsani aniq aytish kerakki, men mavsum oxirida jamoani tark etaman. Bu qarorim to‘g‘ri. «Roma»ga yangi murabbiy kerak va unga jamoani o‘z uslubiga moslashtirish uchun vaqt zarur. Men yana qoladigan bo‘lsam, jamoa bir yil vaqt yo‘qotadi. Buni xohlamayman. Yangi murabbiyga o‘rin bo‘shatib berishim kerak
.

E’tiborlisi shundaki, qishki transferlar vaqtida Shomurodovning «Venetsiya»ga o‘tishi qariyb hal bo‘lgan edi. Lekin aynan Klaudio Raneri Eldorni jamoaga juda kerakligini ta’kidlab, o‘zbek forvardini qoldirgandi.

Ekspertlar fikricha, Shomurodov maydonda kam gol ursa-da, u jamoaviy o‘yinga katta ta’sir ko‘rsatib, umumiy natijada muhim rol o‘ynayapti. Hozirgi kunda Shomurodov «Roma»ning ajralmas figurasiga aylangani hamda uning kelajakdagi faoliyati ham qiziqarli davom etishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Roma» Eldor Shomurodov bilan birga yangi rekord o‘rnatish arafasida!