date
views 9 580

Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dan vaqtincha ketadi: sababi ochiqlandi

Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dan vaqtincha ketadi: sababi ochiqlandi
Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasining iqtidorli himoyachisi Abduqodir Husanov bilan vaqtincha xayrlashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Thehardtackle nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, manchesterliklar rahbariyati yosh futbolchini ijara asosida boshqa klubga berib, uning muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi va tajribasini yanada oshirishiga yordam berishni maqsad qilgan.

Abduqodir Husanov jamoa uslubi va talablariga tez moslashganiga qaramay, tarkibdagi kuchli raqobat sababli muntazam ravishda maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘la olmayapti. U joriy mavsum “Siti” safida bor-yo‘g‘i 9 ta o‘yinda ishtirok etdi va so‘nggi beshta o‘yindan beri faqat zaxira o‘rindig‘idan joy olmoqda.

Jamoaning murabbiylar shtabi Husanovning yanada o‘sishi uchun doimiy o‘yin amaliyoti zarur deb hisoblamoqda. Shu sababli klub yozgi transferlar vaqtida uni vaqtinchalik boshqa klubga ijaraga berib turishga qaror qilgan. Biroq, “Manchester Siti” rahbariyati va murabbiylari o‘zbekistonlik futbolchini kelajakda jamoaning muhim a’zosi sifatida ko‘rishda davom etmoqda va uning kelajagiga ishonch bildirmoqda.

Hozirda Angliya Premer-ligasi, shuningdek, Yevropaning boshqa kuchli chempionatlarida ishtirok etuvchi bir qator klublar Abduqodir Husanovga qiziqish bildirmoqda. Ular futbolchining iste’dodini yuqori baholab, uni o‘z tarkiblarining asosiy a’zosiga aylantirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Husanov Fransiyaning “Lans” jamoasidan “shaharliklar” tarkibiga qo‘shilgan edi. Angliyaliklar uning transferi uchun 40 million yevro sarflab, uzoq muddatga mo‘ljallangan shartnoma imzolagandi.

Husanovning keyingi manzili qaysi klub bo‘ladi? Bu masala ham muxlislar, ham mutaxassislar diqqat markazida bo‘lib turibdi. Yaqin orada ushbu savolga oydinlik kiritilishi kutilmoqda.

Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”dagi faoliyati va uning atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dan vaqtincha ketadi: sababi ochiqlandi