
Angliyaning «Manchester Siti» klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya kubogi yarim finalidan o‘rin olgan «Nottingem Forest»ga qarshi uchrashuv oldidan jamoasining bu mavsumdagi natijalari va hozirgi holati haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ispaniyalik mutaxassis mavsumni yaxshi deb atash uchun asosiy mezon Premer-ligadagi natijalar bo‘lishi kerakligi, ammo joriy mavsumda «shaharliklar»ning ko‘rsatkichlari uni qoniqtirmaganini ochiq-oydin ta’kidladi.
«Angliya Kubogining finaliga chiqsak ham, Chempionlar ligasiga yo‘l olsak ham, bu mavsum bizning istagan darajamizda emas. Men uchun mavsumning yaxshi o‘tganini ko‘rsatuvchi asosiy mezon doim Premer-liga bo‘lib qolaveradi. Bu yil esa biz u yerda o‘z darajamizdan ancha pastdamiz. Lekin bu holatdan ham yomonroq bo‘lishi mumkinligini unutmaslik lozim. Biz ayni damda 3-o‘rindamiz, vaziyat 4 yoki 5-o‘rinda yoki undan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi», — dedi Gvardiola.
Shuningdek, «Manchester Siti» ustozi jamoasi ketma-ket uchinchi bor Angliya kubogi finaliga chiqish imkoniyatiga ega ekanligini eslatar ekan, bunga erishish oson bo‘lmasligini, oldinda juda kuchli raqib turibdi, deb hisoblaydi.
«Biz ketma-ket uchinchi bor Angliya kubogining finaliga chiqish imkoniyatiga egamiz. Lekin buni amalga oshirish uchun juda jiddiy va kuchli raqibni yengishimiz kerak», — deya fikr bildirdi murabbiy.
Shu bilan birga, Xosep Gvardiola Angliya Kubogida g‘olib bo‘lish ham jamoa o‘zining avvalgi yuqori darajasiga qaytganini anglatmasligini urg‘uladi.
«Biz bu kubokda g‘alaba qozonsak ham, bu avvalgi yuqori holatimizga qaytganimizni anglatmaydi. Chempionliklar ikki kunda unutiladi. Lekin bu sovrin muxlislarimizni juda quvontiradi. Ayni vaqtda nechta sovrin yutganing muhim emas. Biz Premer-ligada uchinchi o‘rindamiz. G‘alaba qozongan o‘yinlarimizda ham aslida kuchsiz tomonlarimiz ko‘rindi, mukammal o‘ynay olmadik», — deydi ispaniyalik mutaxassis.
Shu bilan birga, Gvardiola kelasi mavsumda «Manchester Siti» yana o‘zining eng yuqori darajasiga chiqishi va kuchli raqiblar bilan raqobatlashishiga ishonch bildirmoqda.
«Menda kelasi mavsum biz ancha kuchliroq bo‘lamiz degan ishonch bor. Biz haqiqiy kuchimizni namoyish etamiz va raqiblar bilan munosib raqobatga kirishamiz. Bu bilan kelasi mavsumda biz albatta APLda g‘alaba qozonamiz, Chempionlar ligasi yoki kuboklarda yakuniy bosqichlarga chiqamiz, degan kafolat bera olmayman. Chunki futbolchilarimda deyarli dam olish imkoniyati bo‘lmaydi. Ammo shunga ishonamanki, yigitlarim yaxshi o‘yin ko‘rsatadi», — dedi Gvardiola.
Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» va «Nottingem Forest» jamoalari o‘rtasidagi Angliya kubogi yarim final bahsi 27 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da start oladi. Bu o‘yinda g‘olib jamoa Angliya kubogining finaliga yo‘l oladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar