date
views 172

Ryudiger «Barselona»ga qarshi uchrashuvdagi qilmishi uchun uzr so‘radi

Ryudiger «Barselona»ga qarshi uchrashuvdagi qilmishi uchun uzr so‘radi
Ispaniya Kubogi finali doirasida bo‘lib o‘tgan «El-Klasiko» uchrashuvida «Real» jamoasi «Barselona»ga qarshi keskin kechgan bahsda 2:3 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindagi eng esda qolarli holatlardan biri madridliklar himoyachisi Antonio Ryudiger bilan bog‘liq voqea bo‘ldi.

Qo‘shimcha vaqtning oxirgi daqiqalarida zaxiraga olingan germaniyalik futbolchi hakam Rikardo De Burgos Bengoecheaning qaroridan qattiq norozi bo‘lib, o‘zini boshqara olmadi. Maydonga chiqib hakam bilan tortishmoqchi bo‘lgan Ryudigerni jamoadoshlari zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Ammo bu bilan vaziyat tinchimadi: Ryudiger hakam tomon muz bilan to‘ldirilgan paketni otdi. Bosh hakam uning bu qilmishini qizil kartochka bilan jazoladi.

Biroq, qizil kartochka bilan ham qoniqmagan himoyachi tribuna ichkarisidan yana qaytib chiqib, hakamga qo‘shimcha tahdid qildi. Uning bu haddan tashqari tajovuzkor xatti-harakati ekspertlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar Antonio Ryudiger ushbu harakatlari uchun uzoq muddatli diskvalifikatsiya qilinishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Ularning taxminicha, futbolchiga 12 ta o‘yingacha diskvalifikatsiya jazosi berilishi ehtimoli yuqori.

Uchrashuvdan keyin o‘z xatosini tushunib yetgan futbolchi, o‘z harakatlari uchun ochiq-oydin pushaymonligini bildirib, muxlislar va hakamdan uzr so‘radi.

«Mening bugungi xatti-harakatimni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. O‘yin paytida o‘zimni nazorat qila olmadim, bu esa men uchun juda katta xatodir. O‘zimni juda yomon his qilyapman va bu ishim uchun chin yurakdan pushaymonman», — dedi Ryudiger.

Shuningdek, germaniyalik himoyachi jamoasi ko‘rsatgan harakatdan mamnunligini, lekin yakuniy daqiqalarda o‘z xatosi bilan sheriklarini noqulay vaziyatda qoldirganini ham tan oldi.

«Ayniqsa ikkinchi bo‘limda biz juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Ammo 111-daqiqadan keyin jamoamga yordam bera olmadim. Bahsning yakuniga yaqinlashgan vaqtda men yo‘l qo‘ygan bu xato esa vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Bu harakatim bilan men kimningdir ishonchini poymol qilgan bo‘lsam, ularning hammasidan va albatta, bosh hakamdan yana bir marta samimiy uzr so‘rayman», — deb ta’kidladi madridlik futbolchi.

Ma’lumot uchun, «Real» bu mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘z tarixida 21-marotaba Ispaniya kubogi finalida mag‘lubiyatga uchradi. «Barselona» esa 32-marotaba mamlakat kubogini qo‘lga kiritib, ushbu turnir tarixidagi rekord natijasini yanada yaxshiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ryudiger «Barselona»ga qarshi uchrashuvdagi qilmishi uchun uzr so‘radi