date
views 176

«Liverpul» Angliya chempioni: «qizillar» 20 yillik rekordni takrorladi!

«Liverpul» Angliya chempioni: «qizillar» 20 yillik rekordni takrorladi!
Arne Slot boshqaruvidagi «Liverpul» klubi Angliya Premer-ligasi 34-turida o‘z maydonida «Tottenhem» ustidan 5:1 hisobida yirik g‘alaba qozonib, muddatidan avval mamlakat chempionligini rasman qo‘lga kiritdi.

Ushbu o‘yin mezbon jamoa uchun oson boshlanmagandi. Bahsning 12-daqiqasida «Tottenhem» futbolchisi Dominik Solanke birinchi bo‘lib hisobni ochdi va «shporlar»ni oldinga olib chiqdi. Lekin bu vaziyatdan keyin «Liverpul» futbolchilari vaziyatni keskin o‘zgartirib yubordi.

Birinchi bo‘limning qolgan qismida Luis Dias, Aleksis Mak Allister va Kodi Gakpo raqib darvozasini birin-ketin ishg‘ol qilib, hisobni 3:1 ga yetkazdi. Ikkinchi yarmda esa Muhammad Saloh o‘z golini kiritib, hisobdagi farqni yanada oshirdi. 69-daqiqada «Tottenhem» himoyachisi Destini Udodji o‘z darvozasiga avtogol urib qo‘yib, jamoasining mag‘lubiyatini yanada og‘irlashtirdi.

Shunday qilib, 5:1 hisobidagi yirik g‘alaba tufayli «Liverpul» chempionlik poygasida eng yaqin ta’qibchisi «Arsenal»dan 15 ochkoga uzoqlashib, mavsum tugashiga to‘rt tur qolganida Premer-ligada chempionlikni rasmiylashtirdi.

Ushbu chempionlik «Liverpul» tarixida yubiley 20-marotaba qayd etilmoqda. Bu natija bilan «qizillar» Angliya chempionligi bo‘yicha rekordchi sanalgan «Manchester Yunayted» jamoasiga tenglashib oldi. Eslatib o‘tamiz, manchesterliklar so‘nggi marta mamlakat chempionligini 2013 yili qo‘lga kiritishgandi.

Angliya chempionatlari tarixida eng ko‘p chempionlikni qo‘lga kiritish bo‘yicha uchinchi o‘rinda «Arsenal» klubi bormoqda. «Kanonirlar» umumiy hisobda 13 marta bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

Abduqodir Husanov harakat qilayotgan «Manchester Siti» bu mavsum chempionlik uchun kurashni oxirigacha davom ettira olmadi. «Shaharliklar» ketma-ket to‘rt marta Premer-ligada chempionlikni qo‘lga kiritgan yagona jamoa sifatida tarixda qolmoqda. Ularning hisobida esa umumiy 10 ta mamlakat chempionligi bor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Liverpul» Angliya chempioni: «qizillar» 20 yillik rekordni takrorladi!