date
views 28

Toshkentda ko‘cha futboli bo‘yicha Red Bull Four 2 Score turniri yakunlandi: chempionlar Avstriyaga yo‘l oladi!

Toshkentda ko‘cha futboli bo‘yicha Red Bull Four 2 Score turniri yakunlandi: chempionlar Avstriyaga yo‘l oladi!
Joriy yilning 27 aprel sanasida Toshkent shahrida ko‘cha futboli bo‘yicha o‘ziga xos va qiziqarli formatda o‘tkazilgan Red Bull Four 2 Score xalqaro turnirining milliy bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘zining noodatiy qoidalari bilan ajralib turadigan ushbu chempionatda «POSITIVE TM» jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston nomidan jahon finalida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Red Bull Four 2 Score turnirining o‘ziga xosligi shundaki, bahslar kichraytirilgan maydonda, 4x4 formatida va darvozabonlarsiz o‘tkaziladi. O‘yinlar jami 10 daqiqa davom etadi va turnirda kiritilgan gollar o‘ziga xos tarzda baholanadi. Masalan, o‘yinning birinchi va oxirgi 60 soniyasida urilgan gollar jamoalarga 2 ochkodan keltiradi. Bugungi kunda bu musobaqa 25 dan ziyod mamlakatlarda o‘tkazilayotgan bo‘lib, g‘olib jamoalar sentyabr oyida Avstriyaning Zalsburg shahrida o‘tadigan nufuzli jahon finalida ishtirok etishadi.

Toshkent shahridagi Yunusobod sport majmuasida tashkil etilgan milliy bosqichda jami 63 ta jamoa mamlakat chempionligi uchun raqobatlashdi. Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan turnir finalida tajribali «YooToo 1» jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan «POSITIVE TM» jamoasi g‘alaba qozondi va mamlakat sharafini Avstriyada himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

G‘olib jamoaning 25 yoshli a’zosi Ruslan Veklik turnirdan keyin o‘zining his-tuyg‘ularini shunday izhor etdi:

«His-hayajon juda yuqori! Bu g‘alaba biz uchun juda ahamiyatli. Eng murakkab va ruhan og‘ir o‘yin final emas, balki yaqin do‘stlarimiz — «PROGRESS» jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Ta’qdir taqozosi bilan bugun biz chempionlikni qo‘lga kiritdik va endi Avstriyada mamlakat bayrog‘ini faxr bilan himoya qilamiz!»

Red Bull Four 2 Score — bu nafaqat professional, balki har qanday darajadagi futbol ishqibozlari uchun qiziqarli turnir hisoblanadi. Mazkur xalqaro chempionatning jahon finali esa «Red Bull Zalsburg» klubining uy stadionida bo‘lib o‘tadi va unda dunyoning turli mamlakatlaridan sara jamoalar o‘z orasida kuch sinashadi.

Endi barcha muxlislarning nazari O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi «POSITIVE TM» jamoasiga qaratiladi. Ularga jahon finalida ham omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Toshkentda ko‘cha futboli bo‘yicha Red Bull Four 2 Score turniri yakunlandi: chempionlar Avstriyaga yo‘l oladi!