"Barselona" klubi "Tottenxem"ning besh nafar yulduzini transfer qilishni rejalashtirmoqda
Ispaniyaning "Barselona" klubi Angliya Premyer-ligasida qiyin ahvolga tushib qolgan "Tottenxem" jamoasining bir necha yetakchi futbolchilariga qiziqish bildirmoqda. London klubi quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida turgani sababli, kataloniyaliklar yozgi transfer oynasida arzonlashtirilgan narxlarda xaridlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kataloniya klubi skautlari e'tibor markazida besh nafar futbolchi turibdi. Ular orasida "La Masia" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Xavi Simons ham bor.
Hozirda londonliklar safida to'p surayotgan iqtidorli yarim himoyachining o'rtaga qaytishi klub rahbariyati uchun ustuvor vazifalardan biri sifatida ko'rilmoqda.
"Tottenxem"ning turnir jadvalidagi og'ir holati "Barselona"ga moliyaviy jihatdan qulay sharoit yaratishi mumkin. Agar London jamoasi elitani tark etsa, yulduz futbolchilarning transfer qiymati sezilarli darajada pasayadi.
Bu esa moliyaviy cheklovlar bilan kurashayotgan Ispaniya grandiga tarkibni kuchaytirish uchun yaxshi imkoniyat beradi.
Hozircha "Barselona" rahbariyati vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Transfer bo'yicha yakuniy qarorlar mavsum yakunida, "Tottenxem"ning Premyer-ligadagi taqdiri aniq bo'lganidan so'ng qabul qilinishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!