date
views 256

«Go‘zal qiz to‘rt og‘ayni botirlarning qay biriga nasib etadi?». Yevropa ligasi yarimfinal o‘yinlari

«Go‘zal qiz to‘rt og‘ayni botirlarning qay biriga nasib etadi?». Yevropa ligasi yarimfinal o‘yinlari
Reuters, Getty, AP
Bolalikdagi ertaklarda yoki Hollivud kinolarida klishega aylanib ketgan syujetlar bor. Masalan, turli yo‘llar bilan malikani qutqarish uchun bir necha qahramon voqea joyiga yetib keladi yoki kinoda, bankni o‘marish keragu, hammaning o‘z hikoyasi, shu qarorga undagan biror jiddiy sababi bor. Kimdir boyib ketmoqchi, kimdir sevgi tufayli bu yo‘lda, kimningdir qizini o‘g‘irlab ketib, shu ishni bajarsang, qaytarib beramiz, deb tahdid qilishgan. Xullas, tushundingiz.

Agar Yevropa Ligasi yarimfinal ishtirokchilariga qarab, biroz fikr yuritsangiz, beixtiyor o‘sha yoshlikdagi syujet esga tushadi. Har bir klub bu yerga turli yo‘llar bilan yetib kelishdi va qizig‘i, har birining bir-biriga o‘xshamagan manfaati, maqsadi borki, intrigani yanada oshiradi. Keling, «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Atletik» va «Bude-Glimt»ni bir qizga uylanish uchun sovchi bo‘lib kelgan kuyovlikka nomzodlar, Yevropa Ligasini esa go‘zal qizga qiyoslaymiz. Boshladik.

«MANCHЕSTЕR YUNAYTЕD»

«Manchester» qizni sevmaydi. Uning o‘z hisob-kitobi bor. Uylanishdan maqsad, shu orqali «yosh oila»ga aylanib olmoqchi va berilgan imtiyozlardan foydalanish niyatida. Kredit olar, balki imtiyozli uy uchun harakat qilar, ehtimol ishxonasida uylanganlarga ko‘proq mukofot, yordam pullari berishar va hokazo.

«Manchester Yunayted» mavsum o‘rtasida Erik ten Hagni iste’foga chiqarib, o‘sha palla uchun Yevropaning eng yaxshi murabbiylaridan biri bo‘lib turgan Ruben Amorimni olib keldi-yu, keyin qarasa, yangi murabbiyning o‘ziga xos tizimi, talablari bor ekan. Busiz Ruben «Sporting»dagi sehrini ko‘rsata olmaydi, zudlik bilan ba’zi chiziqlarga yangi, aynan murabbiy uchun mos bo‘lgan futbolchilar transfer qilinishi shart. Axir yozdagi transferlar, undan oldingilari Erik ten Hag uchun olib kelingan-ku?

Keyin, bundoq qarashsa, pul ham yo‘q, g‘aznaning tagi ko‘rinib qolgan, buning ustiga, UYEFAning moliyaviy shartlari ham ko‘p sarflashga to‘sqinlik qilmoqda. APLda vaziyat o‘nglab bo‘lmas darajada chatoq. Demak, birgina yo‘l – Yevropa Ligasini yutish orqali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.

Bu tryukni bir necha yil oldin boshqa portugaliyalik murabbiy o‘rgatib ketgandi «Yunayted»ga. Agar YECHL yo‘llanmasi bo‘lsa, birinchidan, qo‘shimcha moliyaviy daromadlar bo‘ladi, ikkinchidan, futbolchilarni jalb qilish uchun muhim. Klub vaziyatni baholab, bor e’tiborini aynan shu turnirga qaratishni boshladi, Angliya chempionati bahslarida hatto shu paytgacha maydonga tushmagan yoshlar ham sinab ko‘rilmoqda.

O‘tgan turda «Bornmut»ga qarshi o‘yinda asosiy tarkib tashlangani sababini esa Ruben Amorim ushbu klubning uslub borasida «Atletik»ka o‘xshash ekani bilan izohladi. Rostan ham bornmutliklar ustozi Iraola bask bo‘lib, uzoq yillar Bilbaoda to‘p surgan. «MYU»ning bu tajribasi u qadar o‘xshamadi, to raqib bir kishi kam bo‘lib qolmaguncha hisobda ortda borayotgandi ham. Lekin ba’zi kichik detallarda kerakli xulosalar olingan bo‘lishi tabiiy.

Jarohatlarga kelsak, Amorim De Ligt va Amad Dialloning tarkibga qaytganini tasdiqladi va bu futbolchilarni Ispaniyaga olib keldi. Ammo Amad ikki oydan beri maydonga tushmaganidan kelib chiqilsa, maydonga tushishga tayyor bo‘lmasligi mumkin. Lisandro Martines, Zirkze, Heven, Dalot kabi futbolchilar jamoaga yordam bera olishmaydi.

Darvoqe, «Manchester Yunayted» ushbu mavsumda YECHL va YELda ishtirok etgan va etayotgan 72 jamoa ichida birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona klub bo‘lib turibdi.

«TOTTЕNHEM»

«Tottenhem» qizni sevmaydi. Ammo unga kim bo‘lsa ham, uylanishga bir qiz kerak. Tanishlari necha yillardan beri «qachon uylanasan» deb tinch qo‘ymaydi, ustidan kuladi. O‘zidan ancha yosh, xunukroq, tayinli ishi yo‘q boshqa yigitlar ham allaqachon uylandi, ajrashdi, ammo «Tottenhem» buning ilojini qila olmayapti. Nima qilib bo‘lsayam, shu yil uylanishi shart.

«Tottenhem» Angliyaning oltita top-klubi qatorida sanab kelinadi. Tarkib, imkoniyatlar borasida ko‘p jamoalardan kam bo‘lmasa-da, anchadan beri biror sovrin yuta olmayapti. Ligadagi oxirgi chempionlikka 64 yil bo‘ldi, Yevropada so‘nggi bor 1984 yilda UYEFA kubogini qo‘lga kiritishgandi. Kichik bo‘lsa ham oxirgi kubok 2007/08 yillar mavsumida qo‘lga kiritilgan – Angliya Liga kubogi.

Anje Posteko‘g‘li boshqaruvga kelib, jamoa o‘yinida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgach, nihoyat londonliklar bu safar katta ishonch bilan ikkinchi mavsumni kutishgandi. Murabbiyning o‘zi ham odatda qayerda ishlamasin, ikkinchi mavsumida biror sovrin yutishi haqidagi gaplari ham umid bilan qarshi olindi. Jamoa Angliya Liga kubogi finali ostonasida «Liverpul»ga yutqazgach, yagona ilinj Yevropa Ligasida qoldi. Yarimfinaldagi raqib «Latsio» emas, rimliklarni sensatsion ravishda yenggan Norvegiya klubi bo‘lgach, bu sovrin reallikka ancha yaqin ko‘rina boshladi. Bir qadam, uyog‘i final, mabodo finalda «MYU» raqib bo‘lsa yanada yaxshi – ushbu mavsumning o‘zida «Tottenhem» bu jamoa ustidan uch marta g‘alabaga erishdi.

«Shporlar» anchadan beri tuzukroq o‘yin ko‘rsatmayapti va bu ko‘p jihatdan motivatsiya yo‘qolgani va bor e’tibor xuddi «MYU» kabi shu turnirga qaratilgani bilan izohlanishi mumkin. «Tottenhem» oxirgi 12 o‘yinning atigi 3 tasida g‘alaba qozondi va buning ham ikkitasi Yevropa Ligasida. Muhim pallada, konkret natija kerak bo‘lganda jamoa kuchaya olyapti. «Ayntraxt»ga qarshi javob uchrashuvi yaqqol misol – Londondagi o‘yinda nemislar durang bilan qaytishgandi, ammo Frankfurtdagi bahsda jamoa to gol urguncha tashabbuskor o‘yin ko‘rsatdi. Hisobni ochgach, ishonchli himoyalanishi mumkinligini ham namoyish qildi.

«Tottenhem» deyarli butun mavsum jarohatlar girdobida yashayapti. Shu tufayli ba’zi futbolchilar yo‘qligi murabbiy uchun katta muammo bo‘lmasa kerak. Jamoa yetakchisi Son Xon Minning dastlabki o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida, ammo javob o‘yinida koreyalik hujumchi tayyor bo‘lishi mumkin.

«ATLЕTIK»

«Atletik» ham qizni sevmaydi. Uning orzusi – to‘y. Dang‘illama marosim qilish, barcha kazo-kazolarni mehmonga chaqirish va chiroyli kostyum-shimlarni kiyib, savlat to‘kib o‘tirish.

Ma’lumki, Yevropa Ligasi finali Bilbaoda, «Atletik» uy o‘yinlarini o‘tkazadigan «San Mames Barria» stadionida bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, butun Bilbao mana shu final umidida yonmoqda, albatta, qatnashchilardan biri «Atletik» bo‘lishi sharti bilan. Bilbaoliklar Ispaniya chempioni bo‘lganiga qirq yildan oshgan bo‘lsa-da, mahalliy darajada ancha sovrindor hisoblanishadi. «Real» va «Barselona» o‘tirgan dasturxonda nimadir tanovul qilib qolish ham katta voqea, misol uchun, o‘tgan mavsumda jamoa Qirollik kubogida zafar quchdi. Ammo Yevropa miqyosidagi sovrinlar hali «Atletik» muzeyiga kirmagan. Jamoa 2012 yilda Yevropa Ligasi finalida to‘p surgan, ammo Madridning «Atletiko» klubiga yutqazgandi. Qizig‘i, aynan o‘sha turnir chorakfinalida «Atletik» bugungi raqibi «Manchester Yunayted»ni kurashdan chiqarib yuborgandi.

U paytda manchesterliklar Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsizlik tufayli Yevropa Ligasiga qo‘shilib qolgan top klub edi, ayni paytda aksincha, mutaxassislar juftlikda «Atletik»ning imkoniyatlarini yuqoriroq baholashmoqda. Gap faqat finalga mezbonlikda emas, Valverde shogirdlari mavsumni bir tekisda o‘tkazib kelyapti va chempionat orqali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi hisob. Mavsum tugashiga 5 tur qolganda 6-o‘rindagi «Betis»dan 6 ochkolik ustunlik bor. Yevropa Ligasida ham «Atletik» ilk o‘yinlardan beri munosib qatnashmoqda. Umumiy jadvalda jamoa 2-o‘rinni egallagandi, hozirda turnirda eng yaxshi himoyaga ega bo‘lgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Bilbaoliklar Ispaniya chempionatida ham eng kam gol o‘tkazgan jamoa sanaladi.

«MYU»ga qarshi o‘yin oldidan yuzaga kelgan jiddiy muammo – jamoaning eng sermahsul futbolchisi Oyan Sansetning jarohati. Ushbu mavsumda «Atletik» libosida 17 gol urishga muvaffaq bo‘lgan 25 yoshli hujumchi bir hafta oldin «Las Palmas»ga qarshi o‘yinda jarohatlandi va bir necha haftaga safdan chiqdi. Katta ehtimol bilan, u javob o‘yinida ham sheriklariga yordam bera olmaydi. Ammo yaxshi xabar ham bor. Niko Uilyams kichik jarohatdan qutuldi va «MYU»ga qarshi o‘yinlarga tayyor ekani aytilmoqda.

«BUDЕ GLIMT»

Qizni jonidan ortiq sevadi. Bunday qizga uylanish «Bude» uchun faqat tushlarda ro‘yobga chiqadigan orzu. Lekin nega harakat qilib ko‘rmaslik kerak?

«Bude/Glimt» ancha kamtarona tarkibga ega bo‘lsa-da, jamoa sifatida ancha shakllangan. Norvegiya darajasida so‘nggi yillarning eng sovrindor klubi hisoblanadi. Jamoa qatorasiga oxirgi ikki yilda, shuningdek, so‘nggi besh yilda 4 marta mamlakat chempioniga aylandi. «Bude/Glimt»ning dastlabki bosqichda «Portu» va «Beshiktosh» kabi jiddiy raqiblarni yengib, pley-offga chiqqanining o‘zi katta voqea sanalgandi, ammo pley-offda kattaroq syurpriz kutib turgan ekan. Bukmekerlar qog‘ozlarida turnirning birinchi favoriti deb hisoblagan «Latsio» aynan «Bude/Glimt» tomonidan musobaqadan chiqarib yuborildi. Yevropa Ligasida ular «Old Trafford»ga ham mehmon bo‘lishdi va hatto bir muddat hisobda oldinda ham borishgandi. Ya’ni bu jamoa bilan ham hazillashib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, norvegiyaliklarda raqiblarga nisbatan bir jihatdan ustunlik bor. Birinchidan, yuqorida aytganimizdek, yarimfinalning uch ishtirokchi uchun bu turnir so‘nggi umid, ba’zilari uchun hatto mavsumni belgilab beradigan musobaqa bo‘lib turibdi. «Bude»ning esa shu yergacha yetib kelgani katta voqea, demak futbolchilar ortiqcha bosimsiz shu paytgacha ko‘rsatib kelayotgan mo‘jizani davom ettirishsa ne ajab?

Muammo ham bor. Londondagi o‘yinda jamoaning birdaniga uch futbolchisi diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmaydi. Helmersen Rimdagi o‘yinda hakam tomonidan chetlatilgan bo‘lsa, Berg va Yeviyen navbatdagi sariq kartochka tufayli bugungi uchrashuvda maydonga tusha olmaydi.

Xullas, hikoyamiz shu yerda tugaydi. Aslida esa endi boshlanadi. Yakunni bilmoqchi bo‘lsangiz, bugun ekran qarshisida uxlab qolmang. Demak:

1 may. Yevropa Ligasi. Yarimfinal. Birinchi uchrashuvlar.

23:55. ATLЕTIK – MANCHЕSTЕR YUNAYTЕD
23:55. TOTTЕNHEM – BUDЕ/GLIMT

Javob o‘yinlari 9 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Q.Aslanov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Go‘zal qiz to‘rt og‘ayni botirlarning qay biriga nasib etadi?». Yevropa ligasi yarimfinal o‘yinlari