
Superliganing 8-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912” uchrashuvidan so‘ng mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Haydarov jurnalistlar savollariga javob berdi va o‘yin haqidagi fikrlarini baham ko‘rdi.
“Oldinga o‘ynashga qo‘rqish — golga olib keldi”
Murabbiyning ta’kidlashicha, bahs teng kurashlar ruhida o‘tgan, ammo uchrashuvning ilk daqiqalarida “Qo‘qon-1912” futbolchilarida o‘ziga ishonch yetarli bo‘lmagan:
“O‘yin avvalida bir oz bo‘shashdik. Yigitlar o‘z kuchiga ishonmadi, natijada oldinga harakatlanishda ikkilanish paydo bo‘ldi. Bu esa, tabiiyki, gol urish uchun imkoniyat yaratdi. Ammo o‘yin davomida, xususan, goldan keyin futbolchilarimiz o‘zini to‘plab olishdi. Keyingi daqiqalarda barcha rejamiz asosida harakat qildik. Hozir hissiyotlarim ko‘p. Ammo aniq ayta olaman — bugun biz haqli g‘alabani qo‘lga kiritdik. Yutqazib turgan paytda ham taktikamizdan qaytmadik.”
“Omad emas, mehnat va intizom g‘alaba keltirdi”
Mutaxassisdan g‘alabani omad deb baholash mumkinmi, degan savolga javob berish so‘raldi. Chunki uchrashuvda “Qo‘qon-1912” ko‘p vaziyat yarata olmadi. Haydarov bu fikrga shunday munosabat bildirdi:
“Albatta, raqib darvozabonining xatosi omad bilan bog‘langan holat bo‘lishi mumkin. Ammo bu rejalashtirilgan gol emas edi. Mutaxassislar ko‘rdi — jamoam oxirgi daqiqalargacha to‘xtamasdan kurashdi. Bu — haqli g‘alaba. Butun bahs davomida himoyada yaxshi turdik va qarshi hujumlarda imkoniyat kutdik. Raqibga haddan tashqari imkoniyat bermadik.”
“Barqaror o‘yin uchun tajriba ham, yoshlar ham bor”
So‘nggi savol esa jamoaning umumiy tarkibiy salohiyati, zaxira imkoniyatlari va barqaror o‘yin ko‘rsatish qobiliyati haqida bo‘ldi. Haydarov javobida shunday dedi:
“Bizda muvozanatli tarkib tuzishga harakat qilingan. Ko‘pchilik futbolchilar o‘tgan mavsum Pro ligada to‘p surishgan. Ular hozir o‘sish yo‘lida. Shu bilan birga, Superligada tajriba orttirgan futbolchilarni ham jalb qildik. Umuman olganda, barcha yo‘nalishda o‘ylangan rejamiz amalga oshyapti. Eng muhimi, murabbiylar shtabi sifatida biz futbolchilarning jismoniy holatini barqaror saqlashimiz shart. Bu esa barqaror natijalar garovidir.”
Xulosa o‘rnida...
“Qo‘qon-1912” murabbiyi jamoaning har bir g‘alabasi ortida hisob-kitob, intizom va o‘z kuchiga ishonch yotganini ta’kidlamoqda. G‘alaba “omad” emas, balki doimiy harakatning samarasi ekani uqtirilmoqda.
Siz nima deb o‘ylaysiz — “Qo‘qon-1912” ushbu ruh bilan Superligada kutilmagan natijalarni qayd etishi mumkinmi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar