
Superliganing 8-turidan o‘rin olgan va katta qiziqishga sabab bo‘lgan “Surxon” – “Paxtakor” (2:1) uchrashuvidan so‘ng, termizliklar ustozi Fevzi Davletov matbuot anjumanida qatnashib, g‘alaba, jamoa o‘yini va ayrim kamchiliklar haqida atroflicha fikr bildirdi.
“O‘yin bo‘limlar kesimida taktik xarakterda o‘tdi”
“Paxtakor”ning vertikal va uzoq uzatmalar orqali o‘ynaydigan jamoa ekanligini yaxshi bilardik. Shuning uchun hujumlariga qarshi kurasha oldik.
Tanaffusda yigitlarga: “imkoniyatlar bo‘ladi, foydalanish kerak”, degandik. Yarimta vaziyatdan ham unumli foydalanganimiz juda yaxshi bo‘ldi.
Gol o‘tkazib yuborganimiz, albatta, xursand qilmadi. Bunday vaziyatlarda to‘pni egallash paytida oxirigacha o‘ynamayapmiz. Shu bilan birga, zaxiradan tushganlar o‘yinga kerakli darajada ta’sir o‘tkaza olishmadi.
Shunga qaramasdan, jamoamni tabriklayman. Muxlislarimiz ham shodlikni biz bilan birga nishonlash uchun keldi — bu juda muhim.”
“22 yildan keyin Termizda “Paxtakor” ustidan g‘alaba – tarixiy voqea”
“Bu natija nafaqat ochko jihatidan, balki tarixiy nuqtayi nazardan ham juda muhim. 22 yildan so‘ng Termizda “Paxtakor” ustidan g‘alaba qozonish — katta voqea.
Bunga albatta, muxlislar, jamoa, shtab birga harakat qilib erishdik. Barchaga rahmat.”
“O‘ng qanotda faollik past, muvozanatni tiklash kerak”
Jurnalistning o‘ng qanot o‘yini bo‘yicha savoliga Davletov ochiqcha munosabat bildirdi:
“Bu muammo avvalgi — “Mash’al”ga qarshi uchrashuvda ham ko‘zga tashlangan edi. Har ikki qanotda ham bir xil kuch bilan o‘ynash shart. Faqat chap qanot orqali hujum qilish yetarli emas.
Sunnatulloh Hamidjonov va Sunnatilla Poyonovda qandaydir diskomfort yoki ishonchsizlik bordek. Hujumdagi faollikni ko‘proq talab qilyapmiz. Yigitlar bunga javob berishlari kerak.”
“Paxtakordan kutganim shu edi, rejamiz ish berdi”
Fevzi Davletov Kubokdagi rotatsiya va “Paxtakor”ga qarshi tayyorgarlik yuzasidan ham to‘xtalib o‘tdi:
“Kubokda asosiy tarkibdagi bir necha o‘yinchilarni dam oldirdik. Bu qaror “Paxtakor”ga qarshi 100 foiz e’tibor qaratish uchun qilingan edi.
O‘yin oldidan qanday o‘yin kutgan bo‘lsam — aynan shunday bo‘ldi. “Paxtakor”dan syurpriz bo‘lmadi. Biz ularni sinchiklab tahlil qilgandik.
Jamoaviy harakatimiz, tayyorgarlik va intizom muvaffaqiyat olib keldi. Yigitlarga rahmat — ular qo‘limizdan kelganini ko‘rsatishdi.”
Xulosa o‘rnida…
“Surxon”ning “Paxtakor” ustidan qozongan g‘alabasi nafaqat ochkolar jihatidan, balki psixologik jihatdan ham jamoa uchun katta ruhlantiruvchi turtki bo‘ldi. Fevzi Davletov jamoaning kamchiliklarini ham yashirmay, ochiq gapirishi bilan murabbiy sifatida konstruktiv yondashuv namoyon etdi.
Siz nima deb o‘ylaysiz — “Surxon” ushbu g‘alabadan so‘ng yuqori o‘rinlar uchun kurash olib borishda doimiy ishtirokchiga aylanishi mumkinmi?
SurxonPaxtakorFevzi DavletovSuperligaO'yin TaktikasiMuxlislarJamoa G'alabasiO'ng Qanot O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar