date
views 38

Anvar Berdiyev: "Himoyaviy futbol tarafdori emasman, hamma bilan hujumkor o‘ynaymiz"

Anvar Berdiyev: "Himoyaviy futbol tarafdori emasman, hamma bilan hujumkor o‘ynaymiz"

"Sho‘rtan" bosh murabbiyi Anvar Berdiyev Superliga 8-tur doirasidagi "Dinamo" (1:3)ga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
— Birinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, ammo ikkinchi bo‘limda oddiy vaziyatlarda to‘plar o‘tkazib yubordik.

— "Sho‘rtan" bugun "Dinamo"ga qarshi ochiq futbol o‘ynadi. Bunday taktika tanlash jamoaning musobaqa jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqqan holda xato qaror emasmidi?
— Himoyaviy futbol tarafdori emasman. Eng yaxshi himoya hujum demakdir. Birinchi bo‘limda vaziyatlar yuzaga keldi, faqat undan foydalana olmadik, gol urilmaversa himoyachilarga bosim oshib ketadi. Menimcha, bugun ular bunga dosh bera olishmadi.

— "Sho‘rtan"ning to‘p bilan ishlashi haqida nima deya olasiz?
— Qisqa paslar bilan o‘ynayapmiz va ammo, o‘yinchilarga o‘zlariga ishonch yetishmayotgandek bo‘lmoqda. Bu borada mashg‘ulotlarda ishlayapmiz. Bundan tashqari, "Dinamo" jamoasi ham joriy mavsum chempionatdagi eng yaxshi klublardan biri hisoblanadi.

— 64-daqiqa "Sho‘rtan" o‘yinchisi qoidani buzgan deb topilganda jiddiy e’tiroz bildirdingiz, bu haqda nima deya olasiz?
— Yaxshi vaziyatga chiqqanimiz, hakam o‘yinni to‘xtatganidan norozi bo‘ldim. O‘sha vaziyatda gol urishimiz mumkin edi va hakam keyin ham VARni eshitishi mumkin edi. Men hakamga shuni aytdim.

— Bugun urilgan har uchchala gol ham o‘ng qanotdan qilingan hujumlardan so‘ng urildi. Bu jamoaning ushbu qanotida muammolar borligini ko‘rsatadimi yoki "Dinamo"ning o‘ng qanoti kuchlimi?
— Ikkinchi gol yon chiziqdan to‘p o‘yinga kiritilganda zaxiradan tushgan o‘yinchimiz Daler Sharipov ko‘rsatmani noto‘g‘ri tushunibdi. O‘yindan keyin bu haqda savol bersam, ko‘rsatmani tushunmagan bo‘lib chiqdi. O‘sha vaziyatda o‘yinchimiz to‘p o‘yinga kiritilayotganda turishi kerak edi. Uchinchi golga kelsak, himoyachimiz o‘yin so‘nggida darvozabon bilan bir-birini tushunmadi, bu ehtimol charchoq sababdir.

— Har bir murabbiyda 80-daqiqalarda o‘yinchini tushirib, gol urib keta oladigan kalit bo‘ladi. Sizda shunday kalit bormi?
— Hakam o‘yinni boshlab berganidan yakuniy hushtakkacha davom etadi. O‘yinchi hamma vaqt o‘ynashi kerak. 80-daqiqada tushib o‘yinni kuchaytira oladigan o‘yinchi... to‘g‘risi bunday futbol tarafdori emasman.

— 2-3 yildan beri G‘uzorga kelaman. Bunga qadar "Dinamo" bilan bo‘lgan o‘yinga o‘xshash bahsni ko‘rganim yo‘q. Baribir oldin Pro ligaga mos o‘yinlar bo‘lgan. "Dinamo" bilan ochiq va zo‘r o‘yin bo‘lib o‘tdi, futbolchilaringiz jonlarini berib o‘ynashdi. Ammo, natija havas qilarli emas. "Sho‘rtan" bir ochkoga ega, keyingi o‘yinlarda nimadir o‘zgartirish ko‘ramizmi yoki tushkun holat saqlanib qolinadimi?
— Har doim ham g‘alaba qozona olmayapmiz, ammo men tushkun kayfiyatdagi o‘yinchilarni o‘ynatish tarafdori emasman. Rahbariyat menga qancha imkoniyat beradi, buni bilmayman, ammo himoyaviy futbol tarafdori emasman. Hammaga qarshi hujumkor o‘ynaymiz. Futbolchilarga g‘alabaga bo‘lgan ishonchni yetkaza olmayapmiz va vaziyatlardan foydalanishda oqsayapmiz.

— O‘yinning belgilangan vaqtidan mazza qildingizmi. Shu paytga qadar 20:15da G‘uzorda futbol boshlanmagan.
— O‘yin kechroq bo‘lgani ajoyib bo‘ldi. Kelgan muxlislarga ham rahmat aytaman. Ammo, atigi bir ochkomiz borligi, bu men uchun juda noqulay.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anvar Berdiyev: "Himoyaviy futbol tarafdori emasman, hamma bilan hujumkor o‘ynaymiz"