date
views 75

Sergey Lushan “Qizilqum”ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng fikr bildirdi

Sergey Lushan “Qizilqum”ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng fikr bildirdi
Superliganing 8-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Navbahor” (3:2) uchrashuvi jadal va shiddatli kechdi. G‘alaba mahalliy jamoa tomonida qoldi. Musobaqa yakunlanganidan so‘ng, namanganliklar ustozi Sergey Lushan matbuot anjumanida ishtirok etib, nafaqat o‘yinning tahlilini berdi, balki jamoaning ruhiy tayyorgarligi va umumiy saviyasi haqida ham ochiqcha fikr bildirdi.

“Qizilqum” vaziyatlardan unumli foydalandi”

“Avvalo, navoiyliklarni g‘alaba bilan tabriklayman. Stadion juda yaxshi. Mahalliy muxlislar o‘z jamoasi bilan faxrlandi, deb o‘ylayman.

“Qizilqum” o‘z imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalandi va natijaga yerishdi. Bu g‘alabani haqli ravishda qo‘lga kiritishdi.
Bizda ham gol urish uchun imkoniyatlar yo‘q emasdi. Lekin shuncha vaziyatlardan foydalanishda ko‘proq samara kerak edi. Futbolchilar mehnat qilishdi — buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo gollarsiz mehnatni natijaga aylantirish qiyin.”

“Birinchi gol — himoya xatosi. Darvozabonni ayblash to‘g‘ri emas”

“Birinchi gol haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yerda darvozabonni ayblash qiyin. Albatta, bunday masofadan zarba qaytarilishi kerak.
Lekin himoyachi qanotdan katta masofani bosib o‘tib, zarba bergan bo‘lsa, demak himoyaviy yordam yetarli bo‘lmagan. Bu gol keraksiz gollardan biri edi.

Shu paytgacha biz o‘yinni nazorat qilyapdik. Goldan keyin ham vaziyatlar bo‘ldi, ammo ularni golga aylantira olmadik. Bu borada tahlil olib borishimiz lozim.”

“Psixologiya ta’sir qildi, deyish to‘g‘ri emas”

Matbuot anjumanidagi yana bir qiziq nuqta — “Navbahor”ning “Buxoro” ustidan qozongan 3:0 hisobidagi g‘alabadan keyingi ruhiy ustunlik, va “Qizilqum”ning pastki o‘rinlardagi joyi jamoaga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdimi?” degan savolga javob:

“Raqibni mensimaslik haqida gapirish men uchun noto‘g‘ri tuyuladi. Futbolchi o‘z tanlagan kasbiga mas’uliyat bilan yondoshishi kerak. Ular maydonda o‘z vazifasini bajaradi va shunga yarasha haq oladi.

Futbolda “Qizilqum” yoki “Real” deb farq qiladigan yondashuv bo‘lmasligi kerak. Maydonga chiqqan har qanday jamoaga qarshi 100% tayyorgarlik bilan tushish zarur. Bu psixologiya emas, professionallik masalasi.”

Xulosa o‘rnida...

“Navbahor” jamoasi Namangandagi yuqori ruhiy kayfiyatni saqlab qola olmadi. Qaysi nuqtada ruhiy bosim, qaysi vaziyatda himoya xatosi va qaysi epizodda imkoniyatdan foydalanilmadi — bu haqdagi tahlillar endigi mashg‘ulotlarda hal bo‘ladi.

Siz nima deb o‘ylaysiz? “Navbahor”dagi muammo maydondami yoki u yoqdagi ruhiy tayyorgarlikdami?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sergey Lushan “Qizilqum”ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng fikr bildirdi