date
views 99

Brunu Fernandesh Saudiya klubidan yirik taklif oldi: MY yulduzi jamoani tark etadimi?

Brunu Fernandesh Saudiya klubidan yirik taklif oldi: MY yulduzi jamoani tark etadimi?
“Manchester Yunayted” jamoasining portugaliyalik sardori va asosiy yetakchilaridan biri bo‘lgan Brunu Fernandesh o‘z faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirishi ehtimoli paydo bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiyaning mashhur va qudratli klublaridan biri bo‘lgan “Al Hilol” portugaliyalik yarim himoyachiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ayni vaqtda klub va futbolchi o‘rtasida dastlabki muzokaralar allaqachon o‘tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, “Al Hilol” rahbariyati futbolchining transferi uchun katta mablag‘ni, aniqrog‘i 80 million yevro miqdorida to‘lashga tayyor. Bu esa Brununing “Manchester Yunayted”dagi shartnomasida ko‘rsatilgan transfer narxidan ham ancha yuqori hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Brunu Fernandeshning “qizil iblislar” bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha davom etadi. Transfermarkt sayti futbolchining hozirgi bozor qiymatini taxminan 55 million yevroga baholagan. Saudiya klubi esa ushbu summadan ancha yuqori taklif berib, futbolchini jamoasiga qo‘shib olish niyati jiddiyligini namoyish qilmoqda.

Joriy mavsum portugaliyalik futbolchi Angliya klubining asosiy figuralaridan biri sifatida ajoyib statistika qayd etdi. U bu mavsumda barcha turnirlarda jami 52 ta o‘yinda maydonga tushdi va bu o‘yinlarda 19 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, yana 18 marta golli uzatmalar bilan hamjamoalariga yordam ko‘rsatdi.

Hozirgi holatda “Manchester Yunayted” rahbariyati va bosh murabbiyi Ruben Amorim bu transferga qanday munosabat bildirishi noma’lumligicha qolmoqda. Chunki Brunu Fernandesh jamoa tarkibida muhim o‘rin egallaydi va klub undan osonlik bilan voz kechishi ikkilantirishi mumkin.

Biroq Saudiyadagi “Al Hilol” klubi o‘z safini top-futbolchilar bilan mustahkamlashni maqsad qilib qo‘ygan va bunday yirik transferlarni amalga oshirishda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Klub rahbariyati Fernandeshga juda yuqori maosh taklif qilishi ham ehtimoldan xoli emas.

Hozirda bu muzokaralar qay darajada davom etishi va futbolchining yakuniy qarori qanday bo‘lishi muxlislar hamda futbol jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.

Bu transfer yaqin orada amalga oshsa, u futbol olamidagi eng yirik va muhim kelishuvlardan biri bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Brunu Fernandesh Saudiya klubidan yirik taklif oldi: MY yulduzi jamoani tark etadimi?