date
views 54

Ronalduning xarakteri sababli "Al-Nasr" uning shartnomasini uzaytirmasligi mumkin

Ronalduning xarakteri sababli "Al-Nasr" uning shartnomasini uzaytirmasligi mumkin
Saudiya Arabistonining "Al-Nasr" klubi rahbariyati portugaliyalik yulduz futbolchi Krishtianu Ronaldu bilan yangi shartnoma borasida muzokaralarni to‘xtatishi mumkin. Bunga futbolchining maydon tashqarisidagi xatti-harakati va jamoadagi mag‘lubiyatlarga bo‘lgan munosabati sabab bo‘lmoqda, deb xabar qilmoqda mahalliy va xorijiy manbalar.

Ayniqsa, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi portugaliyalik yulduzning mag‘lubiyatlardan keyin jamoadoshlariga nisbatan keskin munosabati va o‘zining o‘ta o‘jar va talabchan xarakteri bilan bog‘liq harakatlaridan norozi ekani ta’kidlanmoqda.

"Al-Nasr" klubi Ronalduni transfer qilganidan so‘ng ko‘plab yulduz darajasidagi futbolchilarni ham o‘z safiga qo‘shib olgan bo‘lsa-da, jamoaning natijalari haligacha klub rahbariyati va muxlislar tomonidan kutilayotgan darajaga yetmadi. Jamoa birorta kubok yoki chempionlikni qo‘lga kirita olmadi, bu esa klub rahbarlarini jiddiy tashvishga solayotgani ma’lum qilinmoqda.

Aytish lozimki, Ronaldu va klub rahbariyati o‘rtasida yangi shartnoma bo‘yicha dastlab og‘zaki kelishuvga erishilgan edi. Ammo endi portugaliyalik futbolchining keskin xarakteri, yuqori talablari va doimiy ravishda o‘z fikrini o‘tkazishga urinishi sababli "Al-Nasr" rahbariyati bu kelishuvni rasmiylashtirishdan voz kechishi mumkinligi haqida gapirilmoqda.

Shuningdek, arab klubi boshqaruvchilari bu kabi vaziyat klub ichidagi muhitga salbiy ta’sir qilayotganidan va kelajakda boshqa futbolchilar bilan munosabatlarga ham zarar yetkazishidan xavotirlanmoqda.

Hozircha "Al-Nasr" tomonidan rasmiy qaror e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, vaziyatni kuzatayotgan tahlilchilar klub rahbariyati yangi shartnomadan voz kechish bilan birga, futbolchi bilan hamkorlikni butunlay to‘xtatishi ehtimolini ham inkor etmayapti.

Bu holat futbol olamida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki Ronalduning Saudiya Arabistonidagi faoliyati katta qiziqish bilan kuzatilmoqda va uning klubdan ketishi keyingi manzili haqida savollarni paydo qiladi.

Biroq vaziyat qanday yakun topishidan qat’i nazar, portugaliyalik yulduzning kelgusi faoliyati va klubning yakuniy qarori muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutilayotgani aniq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronalduning xarakteri sababli "Al-Nasr" uning shartnomasini uzaytirmasligi mumkin