
“Roma” bosh murabbiyi Klaudio Ranerining jamoasi “Atalanta”ga qarshi o‘yinda (1:2) mag‘lub bo‘ldi. Bu natija “Roma”ning 19 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berdi va Chempionlar ligasiga chiqish imkoniyatlarini jiddiy ravishda kamaytirdi. Biroq Ranerining e’tibori asosan 63-daqiqadagi VAR qarorining bahsliligiga qaratildi.
O‘yinda 1:1 hisobida bo‘lgan paytda hakam Simone Sotssa “Roma” foydasiga penalti belgiladi. Bu qaror “Atalanta” futbolchisi Mario Pashalichning “Roma” yarim himoyachisi Manu Kone bilan to‘qnashuvidan so‘ng qabul qilindi. Biroq VAR tekshiruvidan so‘ng penalti bekor qilindi, bu esa Ranerining qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi.
Ranerining fikricha, VAR faqat aniq va ravshan xatolarda aralashishi kerak edi. Uning ta’kidlashicha, Pashalich Kone bilan kontaktga kirgan va hakam penalti belgilagan bo‘lsa, VAR bu qarorga aralashmasligi kerak edi. U qoidalarning har o‘yinda o‘zgarib borishiga ham e’tiroz bildirdi.
— Men ekspertlardan so‘ramoqchiman: bu penalti edi yoki yo‘q? Agar bu holat “60/40” bo‘lsa, bizga aytilgandi-ku, VAR faqat aniq va ravshan xatolarda aralashishi kerak, deb.
Ko‘rinib turibdi, Pashalich noto‘g‘ri harakat qildi, oyog‘ini to‘g‘ri qo‘ymadi va futbolchimizga (Kone) tegdi. Shu sabab, VAR bunga aralashmasligi kerak edi. Hakam penalti bergan — demak, qaror o‘zgarmasligi kerak edi.
Qoidalar o‘yindan o‘yinga o‘zgaryapti, biz buni qabul qilyapmiz, lekin ligamizda yaxlitlik yo‘qligi xafalik uyg‘otadi. Aniq ko‘rinib turibdi-ku: Pashalich Kone bilan kontaktga kirdi. Hakam penalti bergan ekan, VAR sukut saqlashi kerak edi.
Men “penalti bormi yoki yo‘q” deb so‘ramayapman. Men so‘rayapman: VAR tizimi tizzadan yoki oyoq panjasidan bo‘lgan kontaktlarga aralasha oladimi?
Biz qabul qilamiz, lekin sportdagi adolat uchun qoidalar aniq bo‘lishi kerak. Ular haqiqatdan ham o‘zgardimi? — deya ta’rif berib o‘tdi italiyalik mutaxassis.
“Roma”ning bu mag‘lubiyati jamoaning Chempionlar ligasiga chiqish imkoniyatlarini kamaytirdi. Hozirda jamoa 63 ochko bilan 6-o‘rinda joylashgan. Ranerining ta’kidlashicha, jamoa oxirigacha kurashishda davom etadi.
“Atalanta” esa bu g‘alaba orqali 71 ochko bilan 3-o‘ringa ko‘tarildi va Chempionlar ligasiga chiqishni kafolatladi.
Bu bahsli qaror va Ranerining tanqidi Italiya futbolida VAR tizimining qo‘llanilishi va qoidalarning aniqligi borasidagi muhokamalarni yanada kuchaytirishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar