
Italiyaning nufuzli klublaridan biri hisoblanuvchi "Roma" o‘zining asosiy o‘yinchilaridan biri, darvozabon Mile Svilar bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolash ustida jiddiy ish olib bormoqda. Bu haqda italiyalik mashhur jurnalist Nikolo Skira o‘zining shaxsiy manbalariga tayangan holda xabar tarqatdi.
Qayd etilishicha, "jalorossi" rahbariyati Svilarni jamoada 2030 yilning iyun oyi so‘nggigacha saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Yangi shartnomada darvozabonning maoshi va moliyaviy sharoitlari ham yaxshilanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, klub rahbariyati uning maydondagi ajoyib o‘yinini yuqori baholamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Serbiya milliy terma jamoasi darvozabonining o‘yini Yevropaning boshqa kuchli klublari – Londonning «Chelsi» hamda Germaniyaning «Bavariya» klublari e’tiborini ham jalb qilgan. Bu ikki grand jamoa Mile Svilar bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib kelmoqda. Ayni vaqtda Svilarning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar davom etadi.
25 yoshli serbiyalik darvozabon bu mavsum "Roma" tarkibida ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. U joriy mavsum barcha musobaqalar doirasida jamoasi bilan 48 marta maydonga tushib, ushbu bahslarning 18 tasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich bilan u A Seriyaning eng yaxshi darvozabonlari qatorida tilga olinmoqda.
Hozirda Mile Svilarning bozor narxi 17 million yevro atrofida baholanmoqda. Ammo klub rahbariyatining fikricha, uning transfer narxi tez orada yanada oshib borishi ehtimoli katta.
"Roma" rahbariyati uchun Svilarning jamoada qolishi strategik ahamiyat kasb etadi, chunki bu jamoaning kelgusi mavsumlarda yuqori o‘rinlar uchun kurashishda muhim omil hisoblanadi.
Zamin.uz tahririyati "Roma" klubi va Mile Svilarning kelajagi bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib boradi va o‘quvchilarga tezkor ma’lumotlarni taqdim etishda davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing