
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Saudiya Arabistoniga bo‘lgan tashrifi davomida muhim bayonot berib, Turkiyada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda davlat kotibi Marko Rubio qatnashishini ma’lum qildi.
«Ushbu hafta oxirida, ehtimol, payshanba kuni Turkiyada muhim muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Menimcha, u yerda yaxshi natijalarga erishish mumkin. Marko Rubio AQSH nomidan ushbu muzokaralarda qatnashadi», — dedi Tramp Ar-Riyodda o‘tkazilgan tadbirda. Bu haqda AFP agentligi xabar tarqatdi.
Bundan avvalroq bir qator ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayangan holda, Donald Trampning ikki vakili – Kit Kellog va Stiv Uitkoffning ham ushbu muzokaralarda ishtirok etishini xabar qilgan edi. Shuningdek, Trampning o‘zi ham Turkiyaga shaxsan tashrif buyurish imkoniyatini butunlay istisno etmagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq, 15 may kuni Istanbul shahrida Ukraina bilan muzokara o‘tkazishni taklif qilgan edi. Biroq, ushbu muzokaralarning haqiqatan ham bo‘lib o‘tishi va qaysi formatda o‘tkazilishi hozircha aniq emas.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shaxsan Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan. Ammo Zelenskiy Rossiyaning boshqa mansabdor shaxslari bilan muloqot olib borish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
Rossiya tomoni Istanbulga o‘z delegatsiyasini yuborajagini tasdiqlagan bo‘lsa-da, Putinning shaxsiy ishtirok etishi haqida hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot bermadi.
Tahlilchilar fikricha, AQSHning ushbu muzokaralarda ishtirok etishi Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Marko Rubio kabi yuqori darajadagi siyosatchining ishtirok etishi muzokara jarayoniga yangi turtki berishi va tomonlar o‘rtasidagi muloqotning samarali o‘tishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hozirda xalqaro jamoatchilik ushbu uchrashuvning aniq sanasi va ishtirokchilar tarkibi bo‘yicha rasmiy tasdiqlarni kutib turibdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar