date
views 41

“Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi: Mag‘lubiyat — fojia emas, tajriba

“Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi: Mag‘lubiyat — fojia emas, tajriba
Superliganing 10-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Nasaf” (0:2) uchrashuvidan keyin, mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida jamoa harakati, o‘yindagi xulosa va kelgusi rejalar haqida fikr bildirdi.

“Qiyin raqibga qarshi yaxshi harakat qildik”

— “Nasaf” mamlakatimizdagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Ularga qarshi maydonda qarshilik ko‘rsatish oson emas. Yigitlar harakat qilishdi va bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Hayot davom etadi, bu natija bilan to‘xtamaymiz. Agar vaziyatlar yaratilayotgan bo‘lsa, demak, o‘sish uchun salohiyatimiz bor, — dedi murabbiy.

“Kuchli raqiblar fonida 3 ochko olish ham muhim”

— Oxirgi uch turda jadvalning yuqori qismidagi jamoalarga qarshi maydonga tushdik. Bu o‘yinlarda ko‘proq ochko to‘plashni maqsad qilgandik. Umumiy hisobda 3 ochko jamg‘ardik. Albatta, buning o‘zi katta natija emas, lekin bunday o‘yinlar bizga tajriba beradi. Endilikda ham muxlislar, ham rahbariyat har qanday raqibga qarshi kurash va g‘alaba kutmoqda. Ikki mag‘lubiyat ortidan qattiq xulosa chiqarish shart emas. Ishlashda davom etamiz.

“Beshimov gol urishga yaqin edi”

Matbuot anjumanida Beshimovning birinchi bo‘limdagi gol urish imkoniyati haqida ham so‘raldi:

— O‘sha vaziyat deyarli aniq gol edi. Men ham to‘p darvozadan o‘tadi deb o‘ylagandim. Ammo raqib darvozaboni yuksak mahoratini ko‘rsatdi. Bunday imkoniyatlarni ishonchli yakunlash kerak. Superligada jarima maydonidagi har bir vaziyat katta ahamiyatga ega. Beshimov o‘sishda davom etmoqda, va u yana shunday imkoniyatlarga ega bo‘ladi, deb ishonaman.

“Jamoani asta-sekin kuchaytirish niyatimiz bor”

Yozgi transferlar haqidagi savolga Haydarov shunday javob berdi:

— Biz yangi jamoamiz, va Superligaga chiqqandan so‘ng tarkibga bir qator yangi futbolchilarni qo‘shdik. Jamoa jipslashib bormoqda. Katta o‘zgarishlar qilmaymiz, ammo bir-ikkita pozitsiyani mustahkamlash niyatimiz bor. Variantlar mavjud, ammo hozircha nomlarini oshkor qilmayman. Imkoniyatlardan kelib chiqib, zarur bo‘lgan nuqtalarni mustahkamlashga harakat qilamiz.

— Hozirgi asosiy maqsadimiz — jamoamizdagi yosh futbolchilarni rivojlantirish. Beshimov, Husanov va Jo‘raboyev singari yigitlar biz uchun asosiy poydevor. Agar ulardan kuchliroq o‘yinchilarni topa olsak, albatta, ularni jamoaga jalb qilamiz, — dedi Bahrom Haydarov.

Zamin.uz tahririyatidan:
“Qo‘qon-1912” jamoasi natijalardan qat’i nazar, yo‘nalishini aniq belgilagan. Tarkibni bosqichma-bosqich mustahkamlash, yosh futbolchilarni yetishtirish va jiddiy raqobatlarga tayyorgarlik klub falsafasining asosi bo‘lib qolmoqda. Siz Bahrom Haydarovning bu yondashuvini qanday baholaysiz?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi: Mag‘lubiyat — fojia emas, tajriba