
“Real Madrid”da yangi davr boshlandi. Bir necha daqiqa avval klub rasman Xabi Alonsoni jamoaning bosh murabbiyi sifatida tanishtirdi va u bilan rasmiy shartnoma imzolandi. Mazkur tarixiy lahzadan so‘ng klub prezidenti Florentino Peres jonli efir orqali o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, “Real” — faqat futbol jamoasi emas, balki butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlarning yuragida yashaydigan his-tuyg‘ular manbai.
— Madridizm — bu har kuni yurakda qayta jonlanayotgan iftixor va sadoqatdir. “Real Madrid” dunyodagi eng mashhur klublardan biriga aylangan bo‘lsa, bu — biz ifodalaydigan qadriyatlar tufayli. Gerbimiz ortida minglab soatlik mehnat, betinim harakat va buyuk g‘alabalar yotadi, — dedi Peres tantanali marosimda.
Uning ta’kidlashicha, klub o‘z tarixining yangi sahifasini aynan Xabi Alonso bilan boshlayotganidan mamnun. Sababi, u “Real”ning falsafasini to‘liq his qiladigan, klubning ruhini taniydigan inson.
— Biz bugun o‘zimizga xos, sevimli insonni qutlab olyapmiz. Xabi Alonso — nafaqat kuchli murabbiy, balki “Real Madrid”ning qalbini, ruhini, tarixi va buyukligini yuragida his qiluvchi shaxs. U o‘z vaqtida bu klub sharafini futbolchi sifatida himoya qilgan, endi esa bosh murabbiy sifatida yangi tarix yaratishga tayyor, — deya qayd etdi Peres.
Prezidentning ta’kidlashicha, klubning eng katta kuchi — bu orzularga ishonish va ular sari tinimsiz intilishdir. “Real” har doim g‘alaba uchun maydonga tushadi va bu ruh yangidan-yangi qahramonlarni yetishtirib chiqaradi. Endi esa navbat Xabi Alonsoning murabbiy sifatidagi sahifasiga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, Xabi Alonso “qirollik klubi” bilan 2028 yil yozigacha shartnoma imzoladi. Uning bosh murabbiy sifatidagi ilk rasmiy o‘yini Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati doirasida “Al-Hilol”ga qarshi bo‘ladi.
Madridlik muxlislar esa endi yana bir bor orzu qilishni boshlashdi — chunki ularning sevimli klubiga “o‘z farzandi” qaytdi. Jamoa oldinda turgan sinovlarga tayyor va yangi rahbar qo‘l ostida yanada katta maqsadlar sari intilishga bel bog‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar