
O‘zbekiston Superkubogi doirasida Qarshining «Nasaf» klubi «Andijon» ustidan muhim va esda qolarli g‘alabaga erishdi. Ushbu qiyin bahsda esa jamoaning asosiy qahramonlaridan biri, ishonchli posbon Abduvohid Ne’matov bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng darvozabon o‘z hissiyotlari va o‘yin tafsilotlari haqida gapirib o‘tdi.
Abduvohid Ne’matovning ta’kidlashicha, har bir sovrin o‘zining alohida zavqi va qadriga ega. "Albatta, bugungi g‘alaba biz uchun juda muhim edi. Superkubokni qo‘lga kiritish – hamma futbolchilar va muxlislar uchun katta sharaf. Bugungi o‘yin, ayniqsa, o‘ziga xos muhitda, yomg‘irli ob-havo ostida bo‘lib o‘tdi. Bu esa jamoalarning kuchi va haqiqiy xarakterini ko‘rsatib berdi," – dedi posbon.
Darvozabon shuningdek, uchrashuvda muhit yaratib bergan muxlislarga ham alohida minnatdorchilik bildirdi: "Muxlislar tomonidan yaratilgan atmosfera juda ajoyib bo‘ldi. Qarshi va Andijondan kelgan muxlislar o‘yinga chinakam joziba baxsh etishdi. Ularga katta rahmat aytaman."
Abduvohid Ne’matov shuningdek, so‘nggi paytlarda "Andijon" klubining "Nasaf" uchun noqulay raqibga aylanganini ham tan oldi: "Haqiqatan ham «Andijon» so‘nggi yillarda bizga qarshi o‘yinlarda yaxshi natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Biroq bugun biz vaziyatni o‘zgartirdik. Final uchrashuvlari hamisha alohida e’tibor va tayyorgarlik talab etadi. Hatto bitta gol ham barchasini hal qilishi mumkin. Shukurki, biz kerakli golni urib, g‘alabaga erishdik."
Qiziqarli vaziyatlardan biri – Ne’matovning penalti tepish mahorati. Uning aytishicha, agar vaziyat taqozo etganida, bu imkoniyatdan foydalanishga tayyor edi: "Jamoamizda Norchayev, Cheran kabi yaxshi penalti ustalari bor. Lekin zarurat tug‘ilganda, penalti tepishga tayyorman va bu borada o‘zimga ishonchim yuqori. Agar imkoniyat berilganda, bu mas’uliyatni o‘z zimmamga olishdan qo‘rqmayman."
Endi esa Abduvohid Ne’matov va «Nasaf» klubi futbolchilari uchun yangi vazifa – milliy terma jamoa tarkibidagi muhim o‘yinlar turadi. Bu borada posbon shunday dedi: "Terma jamoada o‘ynash – bu alohida mas’uliyat. Vatan sharafini himoya qilish biz uchun birinchi darajali vazifa. Har bir futbolchi terma jamoada bor kuchini berib o‘ynaydi. Muxlislarimizning duolari bilan biz albatta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz."
Ne’matovning bu so‘zlari uning faqat o‘z klubi uchun emas, balki O‘zbekiston futbolining kelajagi uchun ham qayg‘urayotganini ko‘rsatib turibdi. Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va jiddiy munosabati esa muxlislarni quvontirmasdan qolmaydi.
Umuman olganda, bugungi Superkubok finali va Ne’matovning intervyusi «Nasaf» muxlislari uchun haqiqiy bayramga aylandi. Endi esa barcha futbol ishqibozlari terma jamoaning navbatdagi muhim o‘yinlarini kutmoqda. Abduvohid Ne’matov esa yana bir marta O‘zbekiston uchun darvozani himoya qilishga tayyor ekanligini isbotlamoqchi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar