
2026 yilgi U-23 Osiyo Kubogi saralash bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi kecha bo‘lib o‘tdi. Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi "E" guruhidan joy oldi va Qirg‘iziston, Falastin hamda Shri-Lanka kabi terma jamoalarga qarshi bahs olib boradi. Mazkur guruh o‘yinlari Qirg‘izistonda tashkil etiladi.
Terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov qur’a natijalarini ijobiy baholar ekan, kelgusi bosqichga yo‘l olish uchun jamoa oldiga aniq maqsadlar qo‘yilganini ta’kidladi:
"Saralash doirasidagi raqiblarimiz va mezbon mamlakat Qirg‘iziston haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Albatta, yoshlar musobaqalarida kutilmagan natijalar bo‘lishi mumkin — yosh futbolchilar har oyda rivojlanib, o‘zgarib boradi. Shuning uchun har bir raqibni jiddiy qabul qilib, maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz", — deydi murabbiy.
Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda futbol infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda va yangi stadionlar qurilmoqda. Bu esa ularning mezbon sifatida kuchli tayyorgarlik ko‘rishiga asos bo‘ladi.
“Falastin doimo tabiiy ravishda kutilmagan va sirli jamoa sifatida taniladi. Mamlakatdagi og‘ir vaziyatga qaramay, ular safida Yevropada tajriba orttirayotgan bir qancha kuchli futbolchilar bor. Shri-Lanka bilan esa avval to‘qnash kelmaganmiz. Bu jamoa haqida hozircha to‘liq ma’lumotga ega emasmiz, lekin ularni ham sinchiklab o‘rganamiz”, — deydi Haydarov.
Mutaxassis ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda asosiy e’tibor o‘z jamoamizni tayyorlashga qaratilgan. Futbolchilarning ichki chempionatdagi — Superligadagi o‘yinlari muntazam kuzatib borilmoqda va har bir o‘yinchiga alohida yondashuv bilan yondashilyapti.
"Avvalgi U-20 tarkibidan chiqqan ko‘plab futbolchilar hozirda milliy jamoa safida yoki xorij klublarida faoliyat yuritmoqda. Bu esa biz uchun faxr, lekin ularning o‘rnini bosadigan yangi iste’dodlar yetishtirilishi lozim. Biz yoshlarga ishonamiz va ularga imkoniyat yaratib berishni bosh maqsadimiz deb bilamiz", — deya qo‘shimcha qildi bosh murabbiy.
Haydarovning ta’kidlashicha, saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, Osiyo Kubogida ishtirok etish bilan birga, bu turnir futbolchilarni kelgusidagi yirik musobaqalar uchun tayyorlashda muhim maydoncha bo‘ladi.
Zamin.uz tahririyati O‘zbekiston olimpiya termasiga omad tilab, murabbiy va jamoamizga muvaffaqiyatli saralash bosqichini orzu qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar