date
views 8 236

Shomurodov Rimdagi xatosi haqida ochiqchasiga gapirdi: «Murabbiy menga dushman emas...»

Shomurodov Rimdagi xatosi haqida ochiqchasiga gapirdi: «Murabbiy menga dushman emas...»
Eldor Shomurodov – bugungi kunda o‘zbek futbolining eng yorqin yulduzlaridan biri. U Italiyaning eng kuchli klublaridan biri bo‘lgan «Roma»ga o‘tganidan keyin ko‘pchilik undan tez va yuqori natijalar kuta boshladi. Ammo hamyurtimiz uchun Italiyadagi dastlabki mavsumlar oson kechmadi. Bu haqda futbolchi yaqinda o‘zining ilk davrdagi xato qarashlari va ruhiy holati haqida samimiy tarzda so‘zlab berdi.

Eldor o‘zining «Roma» klubiga kelganida eng katta xatosini tan oladi. «Men «Roma»ga kelganimda tarkibda Edin Jeko bor edi. Uning yoshi katta, menga asosiy tarkibda o‘ynash imkoniyati ko‘p bo‘ladi deb o‘ylagandim. Ammo ko‘p o‘tmay, klub Jekoni sotib yubordi. Men o‘zim yolg‘iz hujumchi sifatida qoldim. Biroz vaqt o‘tishi bilan matbuotda Temmi Abraham bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Yanada yomoni, ayrim gazetalar Abrahamga asosiy tarkibdan joy kafolatlangan, deb yozishardi. O‘shanda bu ma’lumotlarga ishonmaslikka harakat qildim, chunki agar yaxshi formada bo‘lsam, murabbiy menga qarshi chiqmaydi-ku, deb o‘ylagandim,» – deydi futbolchi.

Shomurodov «Roma»dagi ilk mavsumini eslab, unga ruhiy jihatdan salbiy ta’sir qilgan holatlarni ochiqchasiga ta’kidladi. «Mavsum boshida «Trabzonspor» darvozasiga gol urdim, bu meni yaxshi ruhlantirgandi. Ammo keyin «Fiorentina» bilan uchrashuvdan oldin Abrahamni asosiy tarkibga qo‘yishdi, hatto u uchrashuvdan bor-yo‘g‘i uch kun oldin Rimga yetib kelgan bo‘lsa ham. Konferensiyalar ligasida ham Abraham birinchi tanlov bo‘ldi. Ana shu paytdan boshlab, o‘sha gazetalardagi xabarlarga ishonib qoldim, Abrahamga aslida joy kafolatlangan, menga esa nohaqlik qilinyapti, degan fikrlar paydo bo‘ldi va bu meni juda ruhan tushirdi,» – deydi Eldor.

Ammo, Eldor o‘zi uchun bu vaziyatda aslida yo‘lni noto‘g‘ri tanlaganini bugun tushunayotganini ham ta’kidlaydi: «Bundan oldin ham «Rostov» va «Jenoa» kabi klublarda zaxirada o‘tirganman, biroq shu vaqtning o‘zida ham menga berilgan qisqa daqiqalarda o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilardim. Lekin «Roma»da men o‘zimga ishonganimdan tashqari, aybni atrofdagilardan qidira boshladim. Natijada kurashishni to‘xtatdim va bu meni pasayishga olib keldi. Aslida eng to‘g‘ri yo‘l «Rostov»dagi munosabatim bo‘lgan ekan. Ya’ni berilgan har bir daqiqadan maksimal foydalanib, o‘yinga ta’sir qilishni maqsad qilganman. Mana shu jihatni «Roma»da ham saqlaganimda, vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin edi.»

Eldor Shomurodov bugungi kunda ana shu xatosini tan olib, mashg‘ulotlarga jiddiy yondoshish va har bir imkoniyatdan foydalanish zarurligini ta’kidlamoqda. Uning bu samimiy so‘zlari yosh futbolchilar uchun ham foydali saboq bo‘lishi mumkin. Shomurodov hozir o‘z kuchiga ishonadi, yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritish uchun harakat qilmoqda.

Bu samimiy iqror futbolchi uchun ham, uning muxlislari uchun ham muhimdir. Eldorning tajribasi va ruhiy jihatdan o‘tgan yo‘li, shubhasiz, kelgusi muvaffaqiyatlari uchun katta zamin yaratadi. Biz hamyurtimizdan kelgusida yana ko‘plab muhim g‘alabalarni kutamiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov Rimdagi xatosi haqida ochiqchasiga gapirdi: «Murabbiy menga dushman emas...»