date
views 419

Igor Sergeyev: BAAga qarshi to‘liq kuch va maksimal diqqat kerak

Igor Sergeyev: BAAga qarshi to‘liq kuch va maksimal diqqat kerak
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev Jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi bahsi — BAAga qarshi uchrashuv arafasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Hujumchining ta’kidlashicha, bugungi bellashuvda nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham yuksak tayyorgarlik talab qilinadi.

“Bu bellashuvning oson bo‘lmasligi oldindan ma’lum. BAA jamoasi har qanday holatda ham g‘alaba qozonish uchun kurashadi. Ular uchun bu natija, xuddi suv va havodek muhim. Shu bois, biz maydonda to‘liq e’tibor va konsentratsiya bilan harakat qilishimiz kerak”, — dedi Sergeyev.

O‘zbekiston terma jamoasi bu bahsda juda katta tarixiy maqsad sari intilayotganini inobatga olgan holda, Sergeyev o‘zining shaxsiy yutuqlarini emas, jamoaviy maqsadni birinchi o‘ringa qo‘yayotganini ta’kidladi.

“Mening BAAga qarshi o‘tmishdagi o‘yinlarda urgan gollarim haqida o‘ylayotganim yo‘q. Hozirgi paytda faqat va faqat terma jamoamizga kerak bo‘lgan natija haqida fikr yurityapman. Bu bahsda bor salohiyatimizni ishga solib, yurtimiz muxlislari kutgan maqsadga yetishimiz shart,” — deya so‘zini davom ettirdi u.

Igor Sergeyevning bu so‘zlari jamoadagi kayfiyat, mas’uliyat va javobgarlik darajasini yana bir bor namoyon etdi. Muxlislar uchun esa bugungi bahs nafaqat sportiy jihatdan, balki milliy g‘urur nuqtayi nazaridan ham juda muhim ahamiyatga ega.

Bugun maydonda nafaqat to‘p uchun kurash, balki yillar davomida kutilayotgan orzuni amalga oshirish bo‘ladi. Olg‘a, “oq bo‘rilar”!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Igor Sergeyev: BAAga qarshi to‘liq kuch va maksimal diqqat kerak