
Jahon chempionati–2026 saralash bosqichining Osiyo qit’asidagi A guruhida 9-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi va turnir jadvalidagi barcha masalalar o‘z yechimini topdi.
Qatar o‘z maydonida favorit Eron terma jamoasini minimal hisobda mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi yagona va hal qiluvchi golni 41-daqiqada Pedro Migel kiritdi. Eron terma jamoasi ushbu mag‘lubiyatga qaramay, 20 ochko bilan A guruhida peshqadamligini saqlab qoldi.
Shu vaqtda Qirg‘iziston va KXDR termalari dramatik bahs o‘tkazib, 2:2 hisobidagi durangga rozi bo‘lishdi. Uchrashuvda birinchi bo‘lim so‘nggi daqiqasida Pak Kvan Xun hisobni ochgan bo‘lsa, 52-daqiqada Jo-Guk Ri ustunlikni ikki barobarga yetkazdi. Ammo qirg‘izistonliklar taslim bo‘lmay, Guljigit Aliqulovning 57-daqiqadagi va Kim Sung-Xyoning 90-daqiqadagi dramatik gollari bilan muvozanatni tiklashdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAA bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa-da, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga chiqish huquqini qo‘lga kiritdi. Milliy jamoamiz 18 ochko bilan 2-o‘rinni kafolatlab, AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan mundialda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Guruhdagi vaziyat shu bilan rasman aniq bo‘ldi: Eron va O‘zbekiston terma jamoalari mundialga yo‘llanma oldilar, BAA va Qatar termalari saralashning keyingi bosqichida o‘yinlarni davom ettirishadi. Afsuski, Qirg‘iziston va KXDR uchun saralash bosqichi shu yerda nihoyasiga yetdi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi saralash bosqichining so‘nggi o‘yinini 10 iyun kuni Toshkentda Qatarga qarshi o‘tkazadi. Ushbu uchrashuv futbol muxlislari uchun haqiqiy bayram sifatida kutib olinmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar