
Farg‘onada FIFA kunlari munosabati bilan tashkil etilgan nazorat o‘yinida qiziqarli to‘qnashuv guvohi bo‘ldik. O‘zbekiston Superligasi vakili — Vitaliy Levchenko bosh murabbiyligidagi “Neftchi” klubi Qirg‘izistonning Qo‘chqor-ota shahridan tashrif buyurgan nomdosh jamoa — “Neftchi”ga qarshi bahs olib bordi. Bellashuv 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi.
Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tgan nazorat uchrashuvida har ikki jamoa o‘yin amaliyotini sinab ko‘rish hamda yangi taktik elementlarni ishlab chiqish maqsadida maydonga tushdi. O‘yinda jami to‘rtta gol urildi, o‘yin davomida har ikki jamoa ham hujumkor futbol namoyish etdi.
O‘yinda hisobni 11-daqiqada mehmonlar — Qo‘chqor-otaliklar ochishdi. Eldar Tashtemirov penaltidan aniq zarba berdi. Ammo bu ustunlik uzoqqa cho‘zilmadi. 13-daqiqada Bilolxon Toshmirzayev o‘z jamoasini olg‘a yetaklab, hisobni tenglashtirdi. Ortidan esa Zoran Marushich 28-daqiqada jamoasini oldinga olib chiqdi — 2:1.
Biroq bellashuv so‘ngida mehmonlar yana bir bor o‘zlarini ko‘rsata olishdi. 88-daqiqada Amanjan Janibek Ulu tarafidan kiritilgan gol o‘yinga nuqta qo‘ydi — 2:2.
Murabbiylar uchrashuvda jamoalarini to‘liq tarkibda sinab ko‘rishga qaror qilishdi. “Neftchi” (Farg‘ona)ning ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan tarkibida ko‘plab yoshlar va zaxira futbolchilariga imkoniyat berildi. Bu jamoaning ichki rezervlarini baholash uchun muhim sinov vazifasini o‘tadi.
Uchrashuvni Doston Mirzaraimov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqardi. Nazoratchi vazifasini Anvar Urinov bajardi.
Bu kabi nazorat o‘yinlari klublar uchun nafaqat sport formasini saqlab qolish, balki yangi futbolchilarni aniqlash va kelgusi bahslarga tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar