
Yevropa futbolidagi eng barqaror va ta’sirli jamoalardan biri sanalgan “Manchester Siti” o‘z tarkibini navbatdagi transfer oynasida ham sifat jihatidan mustahkamlashni boshladi. Abduqodir Husanovning qishki transferi bilan boshlangan yangilanish jarayoni yangi nom bilan davom etmoqda.
Futbol jurnalistikasidagi ishonchli manba — Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, “shaxarliklar” Aljir terma jamoasi a’zosi Rayan Ait-Nurini o‘z safiga qo‘shib olmoqda. 24 yoshli himoyachi yaqinda klub tomonidan tashkil etilgan tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi va hozirda shartnomani rasmiylashtirish bosqichida turibdi.
“Vulverxempton” safidagi samarali o‘yinlari orqali diqqat markaziga tushgan Ait-Nuri uchun “Siti” rahbariyati 40 million yevro to‘lashga rozi bo‘ldi. Transfer shartlari bo‘yicha futbolchi bilan 5 yillik kelishuv imzolanishi kutilmoqda.
Mavsum davomida 41 o‘yinda maydonga tushgan Rayan nafaqat himoya vazifalarini yuksak darajada bajardi, balki hujumda ham faol ishtirok etib, 5 ta gol va 7 ta golli uzatma muallifi sifatida qayd etildi.
Pep Gvardiolaning taktik qarashlariga mos keladigan, yugurish qobiliyati yuqori va texnik jihatdan barkamol futbolchi sifatida Rayan Ait-Nuri “Siti”ning kelgusi mavsumdagi rejalarida muhim o‘rin tutishi mumkin.
E’tiborlisi, “Manchester Siti” so‘nggi yillarda transfer siyosatida nafaqat yulduzlarga, balki yosh va kelajak va’da qiluvchi nomlarga ham ustuvorlik bermoqda. Bu esa jamoaning kelgusi yillarda ham yuqori darajada raqobatbardosh bo‘lishiga ishora.
Zamin.uz tahririyati futbol ishqibozlari uchun “Manchester Siti”ning barcha yangiliklarini tezkor va aniq tarzda yoritishda davom etadi. Rayan Ait-Nurining ushbu top-klubda qanday rivojlanishini esa vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar